Italiyaning kichik qishloqlaridan birida aholiga jiddiy kasallanish man etildi, deb xabar bermoqda BBC.
Belkastro aholisiga “shoshilinch tibbiy yordam talab qiladigan har qanday kasallikni yuqtirmaslik buyuriladi”, deyilgan mahalliy mer Antonio Torkya farmonida.
Torkyaning aytishicha, bu qadam “hazilomuz provokatsiya” bo‘lsa-da, shu tariqa mintaqaviy hokimiyat organlariga sog‘liqni saqlash tizimidagi kamchiliklarini ko‘rsatish uchun signal yuborilgan.
Belkastro Italiyaning eng kambag‘al hududlaridan biri Kalabriya mintaqasi janubida joylashgan. Qishloqdagi 1200 nafar aholining qariyb yarmi 65 yoshdan oshgan odamlar, eng yaqin shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi esa 45 kilometr masofada joylashgan.
“Tez tibbiy yordam bo‘limiga faqat tezlik 30 km/soat bilan cheklangan yo‘l orqali borish mumkin”, — deb qo‘shimcha qildi u.
Qishloqdagi navbatchi tibbiyot punkti ahyon-ahyonda ochiq bo‘ladi, dam olish kunlari, bayramlarda yoki ish vaqti tugagandan keyin yordam ko‘rsatmaydi.
“Yordam kerak bo‘lib qolganida, yagona umidingiz tez yordam bo‘limiga o‘z vaqtida yetib borish ekanligini bilib, o‘zingizni xavfsiz his qilish qiyin, yo‘llar esa har qanday kasallikdan ko‘ra kattaroq xavf tug‘dirishi mumkin”, — dedi Torkya Italiya televideniyesiga bergan intervyusida.
Farmon doirasida aholiga “zararli xatti-harakatlardan saqlanish va maishiy baxtsiz hodisalarning oldini olish” tavsiya etilgan. Shuningdek, ularga “uydan ko‘p chiqmaslik, sayohat qilmaslik va sport bilan shug‘ullanmaslik, aksincha vaqtning ko‘p qismini dam olishga ajratish” haqida ko‘rsatma berilgan.
Siyosiy beparvolik va mafiya aralashuvi, taxminan 15 yil oldin Kalabriya mintaqasida markaziy hukumat nazoratidagi sog‘liqni saqlash tizimini izdan chiqargan. Bu tizim deyarli butunlay yo‘q qilingan.
Rim tomonidan tayinlangan komissarlar kasalxonalarning katta qarzlari muammosini hal etishda qiyinchiliklarga duch keldi. Shu sababli Kalabriya aholisi hamon tibbiyot xodimlari va shifoxonada yotoqlar yetishmasligidan, shuningdek, tuganmas navbatlardan aziyat chekmoqda.
2009 yildan beri mintaqadagi 18 ta shifoxona yopilgan.
Buning oqibatida Kalabriyaning qariyb ikki million aholisidan yarmiga yaqini tibbiy yordam olish uchun hudud tashqarisiga murojaat qilishga majbur bo‘lmoqda.
Belkastroliklar Torkyaning farmonini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
“U jiddiy muammoga e’tiborni tortish uchun provokatsion farmondan foydalandi”, — deb ta’kidladi mahalliy aholi vakillaridan biri OAVga.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10922 | Инструменты