Italiya huquq-tartibot idoralari xodimlari o‘tgan yozda Moskva shahrida doimiy yashovchi italiyalik tadbirkorning o‘g‘irlanishini uyushtirgan shaxsni qo‘lga oldi. ANSA xabariga ko‘ra, gap Italiyaning Ravenna hududida qo‘lga olingan 44 yoshli O‘zbekiston fuqarosi haqida ketmoqda. Uning ismi sharifi xabarda keltirilmagan.
Texnik sanoat gazlarini ishlab chiqaruvchi kompaniyaning Rossiya filiali rahbari Stefano Guidotti 28 iyun kuni Rossiya poytaxti markazida o‘g‘irlab ketilgan va rossiyalik huquq-tartibot idoralari xodimlarining tezkor harakatlari tufayli 36 soatdan keyin Bryanskda ozod qilingan edi. Shu bilan birga, italiyalikni o‘g‘irlashda gumon qilingan Rossiyaning 3 nafar fuqarosi va yana bir o‘zbekistonlik ham qo‘lga olindi.
Italiya tergovi aniqlaganidek, odam o‘g‘irlash pul undirish maqsadida uyushtirilgan. Ravenna yaqinida yashovchi va Rossiya pasportiga ham ega o‘zbekistonlik avval Guidotti kompaniyasida ishlagan. Tadbirkor o‘g‘irlab ketilganidan so‘ng, u kompaniyaga qo‘ng‘iroq qilib, pul evaziga uning qo‘yib yuborilishini aytgan. Ammo politsiya tadbirkorni tezkor ozod qilishga erishgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111812 | Инструменты