Isroil prokuraturasi bosh vazir Binyamin Netanyahuning yordamchisi Eliezer Feldshteyn va maxfiy hujjatlarni oshkor qilish ishiga aloqador yana bir shaxsga nisbatan rasmiy ayblovlar qo‘ymoqchi. Bu haqda 17 noyabr, yakshanba kuni idora ma’lum qildi.
Bundan tashqari, prokuratura gumonlanuvchilarni hibsda saqlash muddatini besh sutkaga uzaytirishni so‘ragan. Bu muddat ichida idora ayblov xulosasini e’lon qilmoqchi, shuningdek, ishning miqyosi va nozikligi sababli ikki ayblanuvchining sud oxirigacha hibsda qolishini so‘ramoqchi.
HAMAS bilan bog‘liq maxfiy ma’lumotlar
Netanyahu yordamchisi mamlakatdagi hukumatga qarshi namoyishlar Hamas harakatini kuchaytirmoqda, degan fikrni jamoatchilikka yetkazish maqsadida bir necha ommaviy axborot vositalariga maxfiy hujjatni oshkor qilganlikda gumonlanmoqda, deb tushuntiradi The Jerusalem Post.
Ayblov tomoniga ko‘ra, 6 sentabr kuni xorijiy OAVda garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar yuzasidan Hamas pozitsiyasi haqida maqolalar chop etilgan. Sud hujjatlariga ko‘ra, materiallarda Isroil mudofaa kuchlarining razvedka tizimlaridan noqonuniy ravishda olingan maxfiy ma’lumotlar va hujjatlardan foydalangan.
Feldshteyn 2 noyabr kuni boshqa to‘rt gumonlanuvchi bilan birga hibsga olingan, ularning barchasi xavfsizlik xizmati xodimlaridir. Ularning ismlari oshkor etilmagan. Keyinroq gumondorlarning bir qismi uy qamog‘iga o‘tkazildi, biroq bu bosh vazir yordamchisiga ta’sir qilmadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111813 | Инструменты