Huawei 1
Janubiy Koreya prezidenti mamlakatdagi harbiy holatni bekor qildi

Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol 4-dekabrga o‘tar kechasi mamlakatda joriy etilgan harbiy holatni bekor qilishga rozi bo‘ldi. Bu haqda Chosun xabar berdi.

Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, u harbiy holatni amalga oshirishga jalb etilgan harbiylarni chaqirib olgan.

Biz Milliy majlis talabini qabul qilib, harbiy holatni bekor qilamiz. Vazirlar Mahkamasining yig‘ilishini darhol chaqirdik, biroq hozir erta tong bo‘lgani sababli kvorum hali to‘planmagan. Shuning uchun kvorum to‘planishi bilan harbiy holatni bekor qilamiz, dedi Yun Sok Yol.

Shuningdek, u Milliy majlisdan “mamlakat faoliyatini izdan chiqarayotgan qayta-qayta impichment jarayonlari, qonunchilik va byudjet faoliyatini darhol to‘xtatish”ni so‘radi.

Keyinroq hukumat majlisi bo‘lib o‘tdi, unda harbiy holatni bekor qilish to‘g‘risidagi qaror rasman qabul qilindi.

Janubiy Koreyada harbiy holat

Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol 3-dekabr kuni kechqurun mamlakatda favqulodda harbiy holat e’lon qildi. U 45 yil ichida mamlakatda harbiy holat e’lon qilgan birinchi davlat rahbari bo‘ldi.

Ko‘p o‘tmay Seuldagi Milliy Assambleya binosi oldida namoyishchilar yig‘ila boshladi, politsiya parlamentga kirishni to‘sib qo‘ydi va shahar ko‘chalarida harbiy texnika paydo bo‘ldi.

Bir necha soatdan so‘ng 300 deputatdan 190 nafari parlamentga kirishga muvaffaq bo‘ldi va harbiy holatni bekor qilish uchun ovoz berdi. Muxolifat yetakchisi Li Je Men prezident qarorini “konstitutsiyaga zid” deb atadi va uni “xalqqa qarshi” qadam sifatida qoraladi.

Prezident iste’fosi talab qilinmoqda

Muxolifatdagi “Toburo” demokratik partiyasi bekor qilingan harbiy holatdan keyin Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yolning iste’fosini talab qildi. “Toburo” prezidentning iste’fosi uchun partiyaning barcha a’zolari ovoz berganini ta’kidladi. Aks holda muxolifat partiyasi a’zolari Yun Sok Yolga nisbatan impichment protsedurasini boshlashlari bilan tahdid qildi. Ular prezident haraakatlari “konstitutsiya va demokratiyani buzgani”ni ta’kidladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 120421 | Инструменты