Huawei 1
Janubiy Koreyada armiya bosh shtabi boshlig‘i hibsga olindi

Janubiy Koreya prokuraturasi 3 dekabr kuni harbiy holat joriy etishga rahbarlik qilishga tayinlangan armiya shtab boshlig‘i Pak An Suni hibsga oldi. Bu haqda Janubiy Koreyaning Yonhap axborot agentligi xabar berdi.

U «isyonda asosiy rol o‘ynaganlik va hokimiyatni suiiste’mol qilganlikda» ayblangan. Pak An Su mamlakatda har qanday siyosiy faoliyatni taqiqlovchi harbiy holat to‘g‘risidagi buyruqni imzolagan edi.

12 dekabr kuni ertalab davlat to‘ntarishiga urinish bo‘yicha tergov doirasida Pak armiya bosh shtab boshlig‘i lavozimidan chetlatildi.

Prezident Yun Sok Yol 3 dekabr kuni muxolifatning «davlatga qarshi faoliyatga» aloqadorligini bahona qilib, harbiy holat e’lon qildi. Shundan so‘ng, Mudofaa vazirligi harbiylarni shay holatga keltirishga buyruq berdi. Harbiy holatni joriy etish vazifasi yuklatilgan harbiy xizmatchilar Milliy assambleya binosiga kirdi.

Parlamentning favqulodda yig‘ilishida harbiy holat bekor qilindi. Milliy assambleya ma’muriyati rasmiylarining aytishicha, ovoz berishdan keyin harbiy holat «o‘z kuchini yo‘qotdi». Shundan so‘ng, prezident o‘z fikrini o‘zgartirdi va Vazirlar Mahkamasi roziligini olgandan keyin harbiy holat bekor etilganini rasman e’lon qildi.

Keyinroq Janubiy Koreya parlamenti prezidentga impichment e’lon qildi. Endi bu qaror Konstitutsiyaviy sudda tasdiqlanishi yoki rad qilinishi kerak.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121721 | Инструменты