Huawei 1
Janubiy Sudanning milliondan ortiq aholisi suv toshqinlaridan jabr ko‘rdi

Janubiy Sudanda suv toshqinlari oqibatida milliondan ortiq insonga jabr yetdi. Bu haqda BMTning gumanitar tashkiloti ma’lumotlariga tayanib, BBC xabar berdi.

Qayd etilishicha, jabrlangan aholining chorak qismi mamlakat shimolida istiqomat qiladi — ular suv sathi ko‘tarilgani bois o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan. Turli balandliklardan boshpana topayotgan insonlarga yordam ko‘rsatishga davomli yog‘ingarchilik xalaqit bermoqda.

Joriy yilgi suv toshqinlari mavsumi 11 milliondan ziyod aholiga ega Janubiy Sudanda oxirgi o‘n yillarda kuzatilgan eng kuchlisi bo‘ldi. Yordam ko‘rsatish bo‘yicha hukumat agentligi ma’lumotlarda keltirilishicha, mamlakat sharqidan oqib o‘tgan Pibor daryosi qirg‘oqlarida yashovchi 112 ming kishi o‘z uylaridan ayrilgan.

«Tepaliklarga qochayotganlarning hatto yeguligi ham yo‘q, ular hamma narsalarini tashlab ketmoqda», — deydi Yordam va reabilitatsiya xizmati direktori Jozef Nyao. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, hukumat suv toshqinlari xavf tug‘dirayotgan insonlarni «xavfsizlik nuqtai nazaridan mahalliy hokimiyatlar tomonidan belgilab berilgan tepaliklarga chiqishga» chaqirmoqda.

BMT tashkiloti yomg‘irlar boshlanishi bilan gumanitar yordamni yetkazishning imkoniyati bo‘lmayotgan 15 ta asosiy yo‘nalishni ma’lum qildi — ushbu hududlarda tahminan 500 ming fuqaro istiqomat qiladi.

Bularning barchasi Janubiy Sudanning qo‘shni davlat bilan 18 oydan beri davom etayotgan urushi oqibatlari fonida sodir bo‘lmoqda. O‘tgan yilning aprelidan beri Janubiy Sudanda yarim milliondan ortiq qochoqlar qayd etilgan. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102212 | Инструменты