Huawei 1
Jo Bayden o‘g‘li Hanterni afv etdi

AQSH prezidenti Jo Bayden qurol-yarog‘ savdosi va soliq qonunbuzarliklari bilan bog‘liq jinoyatlari uchun hukm qilingan o‘g‘li Hanter Baydenni afv etdi. Bu haqda Oq uy rahbarining bayonotida ma’lumot berildi.

Men o‘g‘lim Hanterni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladim. Lavozimni egallaganimdan beri Adliya vazirligining qarorlariga aralashmasligimni aytgan edim va o‘g‘limning adolatsiz ravishda sud tartibida ta’qib qilinayotganini kuzatganimda ham so‘zimda turdim, deyiladi bayonotda.

Prezident Bayden o‘g‘lining ta’qib qilinishi aynan ularning qarindoshlik aloqalari va davlat rahbarining siyosiy raqiblari bosimi bilan bog‘liqligini ta’kidladi. Uning fikricha, sud jarayoni qo‘pol siyosat ta’siriga uchragan va shu sababli sud xatosiga yo‘l qo‘yilgan.

Umid qilamanki, amerikaliklar ota va prezident sifatida bunday qarorga kelganimning sababini tushunishadi, dedi Jo Bayden.

AQSH prezidenti o‘g‘li nimalarda ayblangan?

Afv etish Hanter Baydenning o‘z jinoyatlari uchun sudlanmasligini anglatadi va bu uning qamoqqa tushish ehtimolini butunlay istisno qiladi. Iyun oyida Hanter Bayden uzoq davom etgan sud jarayonidan so‘ng noqonuniy qurol sotib olish va saqlashda aybdor deb topdi.

U sentyabr oyida to‘qqizta soliq qonunbuzarligida o‘zini aybdor deb tan oldi. Bu qonunbuzarliklar 1,4 million dollar miqdoridagi to‘lanmagan soliqlar bilan bog‘liq.

Tramp afv etish qarorini qoraladi

AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Hanterning afv etilishini “mansab vakolatini suiiste’mol qilish” va “adolatni poymol etish” deb atadi.

Jo Hanterga berilgan afv bir necha yildan beri qamoqda o‘tirgan 6-yanvardagi “garovga olinganlar”ni ham o‘z ichiga oladimi? Bu adolatni suiiste’mol qilish va buzish!, deb yozdi siyosatchi Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

“6-yanvar garovga olinganlar” deganda, Tramp 2021-yil 6-yanvarda Kapitoliyga bostirib kirgan tarafdorlarini nazarda tutadi. AQSHning saylangan prezidenti tarafdorlari o‘zlarini siyosiy mahbuslar sifatida ko‘rmoqda, ularning ba’zilari “adolatsiz sud ta’qibiga” uchraganini da’vo qilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 120212 | Инструменты