OCCRP surishtiruvchi jurnalistlar konsorsiumi Rossiyaga qochib ketgan Suriya diktatori Bashar Asadga «Yil korrupsioneri» unvonini berdi. Bu haqda tashkilotning 31 dekabr, seshanba kuni chop etilgan press-relizida aytiladi.
«Asad rejimi butun mintaqa bo‘ylab zo‘ravonlik, giyohvandlik va korrupsiyani tarqatib, kaptagon (sintetik giyohvandlik vositasi) ishlab chiqarish va odam savdosi, tamaki kontrabandasi, qadimiy buyumlarni o‘g‘irlash, qurol savdosi va boshqa turdagi jinoyatlardan milliardlab dollar daromad oldi», — deya ma’lum qildi OCCRP. Arab tilidagi mustaqil Daraj.com media-platformasi asoschisi Aliya Ibrohimning so‘zlariga ko‘ra, Suriya va butun mintaqa uchun Asad hukmronligi oqibatlarini bartaraf etish uchun «bir necha o‘n yillar kerak bo‘ladi».
Press-relizda ta’kidlanishicha, 40 mingdan ortiq odam Keniya prezidenti Uilyam Rutoni «yil korrupsioneri» deb e’tirof etishni taklif qilgan. Iyul oyida Keniyada minglab odamlar budjetning qisqartirilishi, mamlakatdagi ishsizlik va korrupsiyaga qarshi namoyishga chiqqan edi. Bu namoyishlar xavfsizlik kuchlari tomonidan shafqatsizlarcha bostirildi, ko‘plab odamlar halok bo‘ldi. Biroq, OCCRP mukofotni Asadga berishga qaror qildi, chunki «ko‘plab mamlakatlar uning jinoiy harakatlaridan jabr ko‘rdi»
Ekvatorial Gvineya diktatorining «Umr davomida erishgan antiyutuqlari»
2024 yilda OCCRP birinchi marta «Umr davomida erishgan antiyutuqlari uchun» maxsus toifasini taqdim etdi. Mukofotni Ekvatorial Gvineya prezidenti, dunyoda eng uzoq vaqt hukmronlik qilayotgan diktatorlardan biri Teodoro Obiang Ngema Mbasogo oldi. U 1979 yilda amakisini hokimiyatdan ag‘darish uchun davlat to‘ntarishiga boshchilik qilgan va o‘sha paytdan beri noqonuniy hibsga olish, qiynoqlar orqali o‘zgacha fikrni bostirgan, deyiladi press-relizda.
«Qo‘rqitish, repressiya va korrupsiya orqali Teodoro Obiang boylik va jazosizlik sulolasini yaratdi, - dedi ganalik surishtiruvchi jurnalist Anas Aremeyo Anas. - Uning diktatorlik tendensiyalari butun Afrika qit’asidagi hukmdorlar tomonidan taqlid qilinmoqda. Bugungi davlat to‘ntarishi yetakchilari unga o‘xshagan korrupsiyaning otasi bo‘lishga intilib, unga cho‘qintirgan ota sifatida qarashadi».
Alpha version: 0.9.1.19 build 10408 | Инструменты