Latviya Seymi (parlament) Rossiya va Belarus fuqarolarining mamlakatda ko‘chmas mulk sotib olishini taqiqlovchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatladi.
Qayd etilishicha, mazkur qaror milliy xavfsizlikni mustahkamlash va davlat manfaatlariga nisbatan ehtimoliy tahdidlarning oldini olish imkonini beradi. Taqiq Rossiya yoki Belarusda ro‘yxatdan o‘tkazilgan va tashkil etilgan yuridik shaxslarga ham, shuningdek, aksiyalarining kamida 25 foizi ushbu davlatlar fuqarolariga tegishli kompaniyalarga ham taalluqli.
Shu bilan birga, taqiq mazkur qonun kuchga kirganidan keyingi bitimlarga ta’sir ko‘rsatadi.
Qonun loyihasi mualliflarining fikricha, Rossiya Ukrainadagi harbiy operatsiyani qo‘llab-quvvatlamayotgan va qoralayotgan davlatlarga qarshi «gibrid urush» olib bormoqda. Latviya ham ular orasida. Ta’kidlanishicha, harbiy bo‘lmagan ta’sir instrumentlaridan biri boshqa mamlakatda ko‘chmas mulkni bilvosita sotib olishdir.
Qonun kuchga kirgunga qadar yana ikki marta o‘qishdan o‘tishi kerak.
Kreml bir necha bor «gibrid urush» borasida Moskvaga nisbatan bildirilgan ayblovlarni rad etgan. 2024 yil sentabrda Finlandiyada ham mamlakat yaxlitligi va suverenitetini buzadigan davlatlar fuqarolariga ko‘chmas mulk sotib olish bo‘yicha bitimlarni taqiqlovchi qonun kuchga kirgan edi.
Avvalroq Latviya Sharqdan tahdid uyg‘onadigan bo‘lsa, Rossiya bilan chegaralarini bir necha soat ichida yopish bilan tahdid qilgandi. Latviya fuqarolariga Rossiya va Belarusga bormaslik tavsiya qilinadi, chunki vaziyat keskinlashsa, ushbu mamlakatlar bilan chegara punktlari zudlik bilan yopilishi mumkin.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22213 | Инструменты