Litvaning elektr tizimi operatori Litgrid Kruonis GES va Rossiyaning Kaliningrad viloyati orasidagi 330 kV quvvatga ega elektr uzatish liniyalari ustunlarini demontaj qilishni boshladi, deb xabar berdi kompaniya. Bu Baltika davlatlari energiya tizimining Yevropa kontinental energiya tarmog‘iga sinxronlashuvidan keyin ajratilayotgan birinchi uchastkadir.
Litva energetika vaziri Jigimantas Vaychyunas ushbu uskunalar yaxshi holatda ekani va ular Ukrainaga topshirilishini ta’kidladi. Shuningdek, u gibrid tahdidlar va davlatlararo infratuzilma buzilishlari sababli Litva infratuzilmasini himoya qilish muhimligini qayd etdi.
Litgrid rahbari Rokas Masyulisning so‘zlariga ko‘ra, Belarus va Kaliningrad bilan elektr liniyalari demontaji yakunlangach, taxminan 900 gektar maydon bo‘shatiladi. Ushbu hudud avval elektr uzatish liniyalari himoya zonasi tarkibida edi.
10-fevral kuni Kaliningrad viloyati va Belarus bilan bog‘langan to‘rtta 330 kV elektr liniyalarining simlari olib tashlandi. Kaliningrad viloyati bilan barcha liniyalarning demontaji 2026-yilning uchinchi choragiga qadar yakunlanishi, Belarus bilan elektr liniyalarini demontaj qilish ishlari esa shu yil oxirigacha tugatilishi rejalashtirilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22512 | Инструменты