Milliy tibbiyot markazida muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan noyob murakkab va yuqori darajadagi operatsiyalar mamlakatimiz tibbiyotining tobora rivojlanib borayotganidan dalolatdir.
Yaqinda Markazda yana bir noyob yutuqqa erishildi. Gap shundaki, Markazning malakali transplantologlari va Hindistonning Shinon kompaniyasi shifokori Dr. Vivik boshchiligida bir paytning o‘zida uch nafar bemorda jigar transplantatsiyasi operatsiyasi muvaffaqiyatli bajarildi.
Parallel tarzda o‘tkazilgan ushbu jarrohlik amaliyotlari tibbiyot markazining yuqori malakali mutaxassislar jamoasi, zamonaviy tibbiy texnologiyalar va yaxshi tashkil etilgan operatsion tizimining natijasidir. Bu muvaffaqiyat bemorlarning hayotini saqlab qolish va ularning sog‘ligini tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yaqinda qashqadaryolik 18 yoshli bemor Milliy tibbiyot markaziga murojaat qildi. Unda bosh miya arteriyavenoz malformatsiyasi aniqlangan. Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, noyob va murakkab sanalgan bu kasallik miya qon aylanishining buzilishi natijasida jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin.
Shu bois, tajribali neyroxirurglar tomonidan puxta tashxis qo‘yilgach, bemorga zudlik bilan jarrohlik amaliyoti o‘tkazishga qaror qilindi. Zamonaviy tibbiy uskunalar va ilg‘or jarrohlik texnikasi yordamida bajarilgan operatsiya muvaffaqiyatli yakunlandi.
Hozirda bemorning ahvoli barqaror bo‘lib, shifokorlar uning sog‘lig‘ini doimiy nazorat qilib bormoqda. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bunday murakkab jarrohlik amaliyotlari faqat yuqori malakali shifokorlar va ilg‘or texnologiyalar yordamida amalga oshirilishi mumkin.
Markaz shifokorlari tomonidan yurak aritmiyasiga qarshi yana bir muvaffaqiyatli amaliyot bajarildi. Yaʼni, malakali aritmologlar jamoasi tomonidan bemorga Qorinchalar ekstrasistoliyasida, aorta orqali, chap koronar sinus tubida joylashgan ektopik o‘choq ablatsiyasi muvaffaqiyatli bajarildi.
Mazkur murakkab amaliyot yurak ritm buzilishlarini bartaraf etishga qaratilgan bo‘lib, aynan ushbu joylashuvdagi ektopik o‘choqni ablatsiya qilish yuqori aniqlik va tajribani talab qiladi. Shifokorlar jamoasi zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or usullardan foydalangan holda operatsiyani samarali o‘tkazdi.
Muvaffaqiyatli bajarilgan ushbu amaliyot yurak aritmiyalarining innovatsion davolash imkoniyatlarini kengaytirib, bemorlarning hayot sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Milliy tibbiyot markazida xalqaro hamkorlikga keng eʼtibor qaratilib, ko‘plab xorijlik shifokorlar bilan jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilmoqda.
Jumladan, Hindistonning "Neo Technologies" va “GSL” klinikasi yetakchi mutaxassislari – doktor Tarun Gogineni hamda doktor Shri Ram ishtirokida muhim jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Ginekologiya bo‘limi shifokorlari xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda bachadon bo‘yni saratoni bilan og‘rigan bemorda jarrohlik amaliyotini bajardi.
Milliy tibbiyot markazi mutaxassislari avval ham Hindistonda ushbu shifokorlar bilan hamkorlikda jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazgan edi. Bu galgi hamkorlik esa tajriba almashish va onkologik jarrohlikda zamonaviy usullarni qo‘llashda yana bir muhim qadam bo‘ldi.
Markaz mutaxassislari tomonidan Daniyadan keltirilgan ko‘chma Mobil angiograf yordamida hududlarda ham keng ko‘lamli tibbiy ko‘riklar tashkil etilib, shoshilinch vaziyatlarda ham aniq tashxis qo‘yish va tezkor davolash choralarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu innovatsion uskunaning joriy etilishi orqali diagnostika va intervension jarayonlar sezilarli darajada tezlashib, bemorlarga yuqori sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyati yaratilmoqda.
Shu kunlarda Parkent tumanida bo‘lib turgan Mobil angiografda jami 181 nafar bemor ko‘rikdan o‘tkazildi. Tekshiruv natijalari asosida 48 nafar bemorga toraygan koronar arteriyalarni kengaytirish maqsadida stentlash operatsiyasi tavsiya etildi, shuningdek, 4 nafar bemor uchun aorta koronar shuntlash rejalashtirildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22516 | Инструменты