Huawei 1
Los-Anjyeles yaqinidagi o‘rmon yong‘inlarida ikki kishi halok bo‘ldi

8 yanvar, chorshanba kuni AQShning Los-Anjyeles shahri chekkalarini qamrab olgan yirik o‘rmon yong‘inlari oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘ldi. Ikkala qurbon ham shaharning shimoli-sharqidagi yashil maydonda joylashgan Iton kanyonida bo‘lgan. Yong‘in 800 gektardan ortiq maydonni qamrab olgan. Yong‘inlar shahar mavzelariga yaqinlashdi, turar joy binolari yonmoqda. 32 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilingan, evakuatsiya davom etmoqda. Bundan tashqari, minglab okrug aholisi o‘z uylarini tark etishmoqda. Okrugda favqulodda holat e’lon qilingan.

Kaliforniya va umuman Qo‘shma Shtatlardagi eng qimmat va nufuzli joylardan biri bo‘lgan Pasifik-Paliseyds hududida yong‘in allaqachon mingdan ortiq binolarni vayron qilgan va kamida 28 ming bino xavf ostida. Rasmiylar o‘nlab maktablarni yopdi. Federal aviatsiya boshqarmasi yong‘inga uchragan hududlar ustida parvozlarni taqiqladi.

O‘t o‘chiruvchilar yong‘inni o‘chira olmayapti

Los-Anjyeles rasmiylari aholini suv zaxirasini to‘plashga chaqirdi, chunki yong‘in suv ta’minotiga zarar yetkazishi mumkin. Shahar meri Karen Bass kuchli tutun haqida ogohlantirdi va aholini uyda qolishga, deraza va eshiklarni mahkam yopishga va niqob taqishga chaqirdi.

Los-Anjyeles okrugi o‘t o‘chirish xizmati boshlig‘i Entoni Marrone uning bo‘limi yong‘inni o‘chirishga qiynalayotganini tan oldi. "Biz bir-ikkita yirik yong‘inga tayyor edik, lekin birdaniga to‘rtta yong‘inga emas", dedi u. Yordamga qo‘shni okruglardan zaxiradagi askarlar va o‘t o‘chiruvchilar jalb qilingan.

Tramp Kaliforniya gubernatorini aybladi

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yong‘inlarda Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusomni (Demokratik partiya) aybladi, u avvalroq shtatdagi suv resurslarini qayta taqsimlash loyihasini tasdiqlashdan bosh tortgan edi. Nyusomning ta’kidlashicha, qayta taqsimlash mahalliy suv yo‘llarida biologik xilma-xillikka tahdid soladi, ammo Tramp bu yong‘inlarga qarshi kurashish uchun suv zaxiralarini yaratishini aytdi. 

J.P. Morgan moliyaviy kompaniyasining hisob-kitoblariga ko‘ra. yong‘in tufayli allaqachon yetkazilgan zarar 10 milliard dollarga yetishi mumkin.

Los-Anjyeles hududidagi o‘rmon yong‘inlari 7 yanvar kuni boshlangan. Quruq va shamolli ob-havo tufayli tez kattalashgan to‘rtta asosiy yong‘in o‘chog‘i bor. Los-Anjyeles joylashgan Janubiy Kaliforniyada may oyidan beri atigi 2,5 mm yog‘ingarchilik kuzatildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11001 | Инструменты