Maldiv orollari rahbariyati Hindistonni 15-martgacha o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishga chaqirdi, deb xabar berdi India TV.
Telekanal xabariga ko‘ra, bu masala Hindiston Oliy komissiyasining Maldiv orollaridagi vakillarining Male shahridagi Tashqi ishlar vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida muhokama qilingan.
“Maldivdagi bir qancha ommaviy axborot vositalari, jumladan Dhauru Maldives Media xabariga ko‘ra, rasmiylar Hindiston qo‘shinlarining mamlakatda mavjudligini muhokama qilgan va Nyu-Dehlidan 15-martgacha o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishini so‘ragan”, — deyiladi telekanal xabarida.
Avvalroq Maldiv orollari prezidenti Muhammad Muizzu Hindiston hukumati o‘z askarlarini Maldiv orollaridan olib chiqishga rozi bo‘lganini ma’lum qilgandi.
Hindiston va Maldiv orollari 1988-yilda Hindiston armiyasi prezident Maumun Abdul Gayumning iltimosiga binoan "Tamil-Ilam ozodlik yo‘lbarslari"ning davlat to‘ntarishiga urinishini to‘xtatganidan beri mudofaa sohasida faol hamkorlik qilib kelmoqda.
Maldiv orollarida Nyu-Dehli homiyligidagi radar stansiyalari va kuzatuv samolyotlari bilan jihozlangan 88 nafar hind askari bor. Hindiston harbiy kemalari Maldiv orollarining eksklyuziv iqtisodiy zonasini patrul qilishda ham yordam beradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22106 | Инструменты