Ilon Mask sun’iy intellekt (SI) sanoati 2026 yilga borib elektr energiyasi taqchilligi muammosiga duch kelishini ma’lum qildi. Bu haqda u CNBC telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Unga ko‘ra, hozircha tarmoqning o‘sishini yarimo‘tkazgichlar tanqisligi cheklayotgan bo‘lsa-da, yaqin orada asosiy to‘siq aynan energiya ta’minoti bo‘ladi.
Shuningdek, Mask xAI kompaniyasi AMD, Nvidia va boshqa ishlab chiqaruvchilarning bir milliondan ortiq SI chiplarini sotib olishni rejalashtirayotganini bildirgan. U AQSHning Tennessi shtatida joylashgan va 200 mingta tezlatkich bilan ishlayotgan Colossus superkompyuterini “hozirgi vaqtda dunyodagi eng samarali til modeli o‘quv klasteri” deb atagan. Kompaniya keyinchalik millionlab tezlatkichlarni o‘z ichiga oluvchi yanada qudratli markaz qurmoqchi.
Global kontekstda Mask Xitoy AQSHga qaraganda energiya ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga ko‘proq investitsiya qilayotganini, biroq AQSH innovatsiyalar borasida yetakchilikni saqlab qolayotganini ta’kidlagan.
Shuningdek, u Tesla kompaniyasining Nyu-Yorkdagi hisoblash markazi haqida ham ma’lumot bergan. Bildirilishicha, u yerda avtopilot tizimlari va antropomorf robotlar uchun mashinalarni o‘qitish ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, xAI o‘zining data-markazlari uchun Tesla’ning statsionar elektr saqlash tizimlarini ham xarid qilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52500 | Инструменты