“Aeroflot” aviakompaniyasi Moskvaning Sheremetevo aeroportida tungi parvozlarga kiritilgan cheklovlar ortidan yo‘lovchilarni reyslar bekor qilinishi yoki birlashtirilishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirdi. Bu haqda aviatashuvchi press-relizida aytiladi.
7 mayga o‘tar kechasi Sheremetevo aeroporti ukrain dronlari hujumi xavfi tufayli ikki marta reyslarni qabul qilish va jo‘natishni to‘xtatdi. Cheklovlar avvaliga soat 01:00 dan 04:07 ga qadar amal qilindi, keyin soat 04:25 dan 05:30 gacha ham takroran joriy etildi. “Aeroflot” reyslarining bir qismi zaxira aerodromlariga yo‘naltirildi yoki kechiktirildi. 6 may kuni kechqurun poytaxtdagi boshqa aeroportlar — Domodedovo, Vnukovo va Jukovskiyda ham cheklovlar joriy etilgandi.
Aviakompaniyadagilar «ayrim reyslar majburan bekor qilinishi yoki birlashtirilishi mumkinligi»ni maʼlum qilib, “Aeroflot” saytidagi onlayn-tablo maʼlumotlarini kuzatib borishni tavsiya qilgandi.
“Aeroflot” guruhiga kiruvchi “Rossiya” aviakompaniyasi ham shu kabi choralar haqida xabar bergan. Tashuvchi bayonotida aytilishicha, Sheremetevo, Vnukovo va Nijniy Novgorod aeroportlarida kelish va ketish cheklovlari tufayli reyslarning bir qismi zaxira aerodromlarga yo‘naltirilgan yoki parvoz kechiktirilgan. Shu munosabat bilan «baʼzi reyslar majburiy bekor qilinishi yoki birlashtirilishi mumkin».
Aviakompaniyaning onlayn tablosiga ko‘ra, “Aeroflot” 7 may, chorshanba kuni Moskvadan uchuvchi 52 ta, shuningdek, poytaxtga uchib keluvchi 54 ta reysni bekor qildi, deb yozadi “Interfaks”. Moskvadan va Moskvaga parvoz qiladigan jami 140 dan ortiq reyslar kechiktirildi. Gap “Aeroflot”ning Sheremetevodan va “Rossiya” aviakompaniyasining Vnukovodan reyslari haqida ketmoqda.
“Pobeda” aviakompaniyasi (“Aeroflot” shuʼba korxonasi) aeroportlarda joriy etilgan cheklovlar tufayli «6 va 7 may kunlari baʼzi reyslarni bekor qilishga majbur bo‘lgani»ni maʼlum qildi. Bundan tashqari, kompaniya kechikishlar va zaxira aerodromlarga yo‘naltirishlar bo‘lishi mumkinligini taʼkidladi.
«Ostorojno, Moskva» telegram-kanali Sheremetevoda maʼlumotlar ko‘rsatilgan peshtaxtalar qarshisida ulkan navbatlar hosil bo‘lgani, yo‘lovchilar o‘z reyslari qachon uchishi bo‘yicha maʼlumot olishga, chiptalarini almashtirishga yoki sotib yuborishga urinayotgani haqida xabar bergan. Vnukovoda o‘nlab reyslarning vaqti o‘zgartirilgan, 50 ta reys bekor qilingan. Kanal maʼlumotiga ko‘ra, yo‘lovchilar reyslarga chiqishni bir necha soat davomida kutishgan, ularning ayrimlari uchib ketishini 6 maydan buyon kutib turibdi. «Reyslarini kutayotgan odamlar aeroportning dekorativ zonalarida uxlamoqda va navbatda turib chemodanlarida o‘tiribdi», — deyilgan xabarda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50807 | Инструменты