NATO Rossiya bilan chegarani mustahkamlamoqchi
NATO Rossiya bilan chegaralar yaqinidagi qo‘shinlari va harbiy texnika guruhini qo‘shimcha kuchaytirish imkoniyatlarini muhokama etmoqda.
Politico nashri yozishicha, alyans bu orqali harbiy harakatlar Ukraina chegaralaridan tashqariga tarqalishi ehtimoliga tayyor turmoqchi.
Politico ma’lumotiga ko‘ra, NATO mulozimlari sharqiy chegaralarga 300 ming askar joylashtirish g‘oyasini ilgari surmoqda.
Xususan, alyans qo‘shinlarining o‘n kun ichida harakatga tushishga tayyor bo‘ladigan ilk esheloni taxminan 100 ming askardan iborat bo‘lishi mumkin. Uning tarkibidan Polsha, Norvegiya, Estoniya, Latviya va Litvadan harbiylar o‘rin olishi kutilmoqda. Ikkinchi eshelon birinchisini qo‘llab-quvvatlaydi va 10-30 kun ichida Germaniya va boshqa davlatlardan borib joylashishga tayyor bo‘lishi kerak.
Ammo, nashrning ta’kidlashicha, bu strategiya NATO a’zolaridan jiddiy sa’y-harakatlar va muvofiqlashtirish talab etadi, alyansning ko‘plab mamlakatlari esa shusiz ham o‘z o‘q-dori zaxiralari yetarli emasligidan xavotirda, zaxiralarni to‘ldirish uchun vaqt va pul kerak.
The New York Times nashri 2022-yil noyabrida, NATOga a’zo bo‘lgan 30 mamlakatdan 20 tasi Ukrainaga yordam doirasida o‘z harbiy resurslarining katta qismini sarflab yuborgani haqida yozgandi.
Dekabr oyida NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Ukrainadagi urush Shimoliy Atlantika alyansi va Rossiya o‘rtasidagi mojaroga aylanib ketishi mumkinligini istisno etmagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, NATOdagilar har kuni buning oldini olish ustida ishlaydi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111619 | Инструменты