Huawei 1
OAV: AQSH 1 million g‘azolikni Liviyaga ko‘chirish rejasini ishlab chiqmoqda

NBC News nashri o‘z manbalariga tayanib AQSH prezidenti maʼmuriyati G‘azo sektoridan 1 milliongacha falastinlikni doimiy ravishda Liviyaga ko‘chirish rejasini ishlab chiqayotganini xabar qildi.

Reja jiddiy ko‘rib chiqilgan, hatto Tramp maʼmuriyati uni Liviyaning rahbariyati bilan muhokama qilgan. Ushbu ko‘chirish evaziga AQSH hukumati o‘n yillar avval muzlatib qo‘yilgan milliardlab dollar mablag‘ni Liviyaga qaytarib berishi mumkin, deb aytgan uch manba.

Hozircha yakuniy kelishuvga erishilmagan, Isroil ushbu muzokaralar borasida xabardor qilingan.

Nashrning yozishicha, Davlat departamenti va Milliy xavfsizlik kengashi maqola chop etilishidan avval bu borada izoh berishdan bosh tortgan, maqola chiqqandan so‘ng esa Davlat departamenti vakili «bu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi»ni aytgan.

Avvalroq Qatardagi AQSHning eng yirik harbiy bazasi — Al-Udeydga tashrif buyurgan Donald Tramp G‘azo uchun «juda yaxshi g‘oyasi» borligini aytgandi.

«Agar AQSH bu hududni o‘z nazoratiga olsa va erkinlik zonasi qilsa, men bundan faxrlanardim», - degandi Tramp.

HAMAS harakatining yuqori martabali vakili Basim Naim aytishicha, tashkilot falastinliklarni Liviyaga ko‘chirish bo‘yicha hech qanday muzokaradan xabardor emas.

«Falastinliklar o‘z yurtida chuqur ildiz otgan, ular yurtiga sodiq va erlarini, oilalarini va farzandlarining kelajagini himoya qilish uchun oxirigacha kurashishga tayyor. G‘azolik va falastinlik aholi — Falastin nomidan qaror qabul qilish huquqiga ega yagona tomon», - degan Hamas rasmiysi.

Ushbu xabarlar yuzasidan Isroil hukumati ham, Liviya rasmiylari, shuningdek, Haftar boshchiligidagi armiya vakillari ham izoh bermagan.  

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51909 | Инструменты