Huawei 1
OAV: AQSH Pentagonda ta’minot yo‘qligi sabab Ukrainaga harbiy yordamni qisqartirmoqda

Oxirgi oylarda AQSHning Ukrainaga ajratayotgan harbiy yordam paketlari Pentagon zaxiralari tugashi tufayli qisqardi, deb xabar bermoqda CNN ikki manbaga tayanib.

O‘tgan hafta AQSH Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Patrik Rayder departamentda Ukrainaga qurol uzatish dasturi doirasida yordam berish uchun 5,9 milliard dollar qolganini aytgandi.

CNN taʼkidlashicha, Pentagonda Ukrainaga yetkazib berishga tayyor bo‘lgan qurollar yo‘q.

“Hamma gap ukrainaliklar nimani so‘rayotgani va bu so‘rovlarni qanoatlantirishimiz uchun imkoniyatimiz bor yoki yo‘qligida”, deya o‘z manbalaridan birining so‘zlarini keltiradi telekanal.

“So‘nggi paytlarda Qo‘shma Shtatlar nafaqat o‘z zaxiralarini to‘ldirish, balki Ukrainani ta’minlash uchun ham qurol ishlab chiqarishni sezilarli darajada oshirdi”, deb yozadi CNN.

Agar Rossiya—Ukraina harbiy mojarosi boshlanishidan oldin Qo‘shma Shtatlar har oyda taxminan 15 ming 155 mm li snaryad ishlab chiqargan bo‘lsa, hozir ishlab chiqarish quvvati 40 ming snaryadgacha oshdi. Biroq Pentagon oyiga 100 ming snaryad ishlab chiqarish maqsadiga hali erisha olmadi.

CNN Pentagonning qurol ishlab chiqarish maqsadlariga erishishi uchun bir necha yillar kerak bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Ayni damda Kongressda prezidentning qurol-yarog‘ yetkazib berish dasturi doirasida vakolatlarini kengaytirish masalasi muhokama qilinmoqda.

Agar prezidentning bu boradagi vakolati uzaytirilmasa, Oq uy 30-sentyabrdan keyin qolgan 5,9 milliard dollarning tasarrufini boshqara olmaydi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91915 | Инструменты