"Oq uy Baydenning debatdagi mag'lubiyatiga haddan tashqari tayyorgarlik sabab bo'lgan deb hisoblamoqda" — Axios

AQSH prezidenti Jo Baydenga yaqin rasmiylar uning 27-iyun kuni sobiq prezident Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tgan so‘nggi debatdagi mag‘lubiyatini Baydenning haddan tashqari tayyorgarligi natijasi deb hisoblaydi. Ismi oshkor etilmagan rasmiy Axios portaliga Bayden debatga juda qattiq tayyorlanayotganini, dam olishni unutganini va bahsda hal qiluvchi omil energiya ekanligini aytdi.

Debat chog‘ida amaldagi prezident bo‘g‘iq va charchagan ovozda sekin gapirdi. Portal suhbatdoshi buni Jo Bayden jamoasi uni bahsga noto‘g‘ri tayyorlagani bilan bog‘ladi.

Axios portalining yana bir manbasi — Oq uyning sobiq rasmiysi debatga mas’ul odamlarni ishdan bo‘shatish zarurligini aytgan. Biroq u bu ish sodir bo‘lmaydi, deb hisoblaydi, chunki Bayden jamoasida ishdan bo‘shatishlar kam uchraydi.

Debatga mezbonlik qilgan CNN telekanali so‘roviga ko‘ra, teletomoshabinlarning 67 foizi Donald Trampni bahs g‘olibi deb hisoblashgan. Teletomoshabinlarning atigi 33 foizi amaldagi prezidentni g‘olib deb atagan. Bu Baydenning Tramp bilan debatdagi birinchi mag‘lubiyati. 2020-yilgi saylov poygasida Bayden shunga o‘xshash ekspress so‘rovlar natijalariga ko‘ra, respublikachilar bilan bahsda ikki marta g‘alaba qozongandi.

Politico xabariga ko‘ra, so‘nggi debatdagi mag‘lubiyat demokratik partiyadagi Jo Bayden tarafdorlari orasida vahima uyg‘otdi.

Ayrim amaldorlar va amaldagi prezident partiyasining homiylari hatto noyabr oyidagi saylovlarda nomzodni almashtirish masalasini muhokama qila boshladilar.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70103 | Инструменты