Huawei 1
O'zbekistonning turistik jozibasi AQShning 5 ta OTM talabalariga namoyish etildi

Sir emaski, so'ngi paytlarda butun dunyoda mamlakatimizga bo'lgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Boy tarixiy-madaniy merosimiz bilan birga, davlatimizni yangilash bo'yicha olib borilayotgan islohotlar g'arb auditoriyasini, xususan xorijiy yoshlarni o'ziga jalb etmoqda. Jumladan AQShning 5 ta Oliy ta'lim muassasasidan amerikalik talabalar guruhi uchun O'zbekistonning Vashingtondagi elchixonasida mamlakatimizning boy tarixiy va madaniy merosi hamda turistik salohiyatini namoyon etuvchi taqdimot o'tkazildi.

Mamlakatimizning AQShdagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Amerikaning Boston, Nyu-York, Kaliforniya va Beylor universtiteti kabi yetakchi ta'lim muassasalarining o'qituvchi va talabalari ishtirok etishdi.

Ushbu ta'lim dargohlari haqida qisqacha ma'lumot: Boston universiteti xususiy tadqiqot oliy yurti bo'lib, Massachusets shtatining Boston shahrida joylashgan. U 1839-yilda tashkil topgan. Universitet jahonning 100 ta eng yaxshi oliy dargohlari qatoridan joy olgan. Unda 30 mingdan ziyod talaba tahsil olib, 4 mingga yaqin olim va o'qituvchilar ishlaydi.

Nyu-York universiteti AQShning eng yirik xususiy ilmiy-tadqiqot oliy dargohi hisoblanadi. Unda 50 mingdan ziyod talaba o'qiydi. E'tiborlisi, universitet bitiruvchi va o'qituvchilari orasida 31 nafar Nobel laureati, 19 nafar “Oskar”, Emmi va Gremmi mukofotlari laureatlari bor.

Kaliforniya universiteti 10 ta OTMni birlashtiradi. Kaliforniya universitetlari tizimida eng keksa va obro'lisi Berklida 1868-yilda tashkil topgan Kaliforniya universitetidir.

Beylor universiteti 1845-yilda tashkil topgan bo'lib, Texasdagi eng keksa universtitetlardan hisoblanadi. Oliy o'quv yurti Texas markazida joylashgan. U.S. News & World Report nashri versiyasi bo'yicha u Amerikaning eng yetakchi universitetlari orasida 75-o'rinda turadi.

Ogayo shtati universiteti esa – davlat tadqiqot oliy o'quv yurti bo'lib, Kolumbus shahrida joylashgan. Unga 1870-yilda asos solingan bo'lib, kattaligi bo'yicha AQShning uchinchi oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi.

Taqdimot davomida Elchixonaning tarixiy binosi va mamlakatimizdan keltirilgan eksponatlarga boy muzey bo'ylab tur tashkil etildi. Taqdim etilgan O'zbekiston hunarmandlari va rassomlarining san'at asarlari katta kolleksiyasi talabalarda ulkan qiziqish uyg'otdi. Tur doirasida diplomatik korpus vakillari vatanimiz tarixi, madaniyati va an'analari haqida tushunchalar berishdi.

Diplomatik missiya xodimlari shuningdek O'zbekistonning madaniy va tarixiy markazlari hamda diqqatga sazovor hududlari, turistik imkoniyatlari haqida ma'lumotlar taqdim etishdi. Mehmonlar e'tiboriga tarixiy maskanlarni saqlash bo'yicha respublikada olib borilayotgan ishlar, qator davlatlardan sayyohlar uchun viza rejimining soddalashtirilgani, “Buyuk Ipak Yo'li” yo'nalishi bo'yicha sayyohlik marshrutlarining yo'lga qo'yilgani haqida ma'lumotlar yetkazildi. Tadbir davomida shuningdek, mamlakatimiz boy tarixiy-madaniy merosi haqida so'zlovchi filmlar namoyish etildi.

Ogayo shtati universiteti talabasi Emili Lipstro: Har jumada talabalarning Amerika va xorijiy muassasalarga tashriflari tashkil etiladi. Bu safar O'zbekistonning AQShdagi elchixonasida tadbir o'tkazilishini eshitishimiz bilanoq, bu uchrashuvni katta ishtiyoq bilan kutdik. Chunki mamlakatingiz haqida ko'p eshitgan edik. Qiziqarli taqdimot va videolavhalardan so'ng menda O'zbekistonga borish istagi paydo bo'ldi.

Boston universitetining Vashington dasturi direktori Uolter Montano AQShning 5 ta yetakchi OTM delegatsiyasining O'zbekiston elchixonasiga tashkil etilgan tashrifini yuqori baholadi.

Boston universitetining Vashington dasturi direktori Uolter Montano: Ishtirokchilar o'zbek madaniyati bilan yaqindan tanishish barobarida, mamlakatning milliy tansiq taomlaridan ta'tib ko'rish va o'zlari uchun yangi O'zbekistonni kashf qilish imkoniyatiga ega bo'lishdi. O'qituvchi va talabalar O'zbekistonga oid taqdimotni qiziqish bilan kuzatishdi. Ular Samarqand, Buxoro, Toshkent kabi tarixiy shaharlar haqidagi videolavhalardan katta taassurotlar olishdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 82501 | Инструменты