Panamaning BMTdagi doimiy vakolatxonasi tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrishga AQSh prezidenti Donald Trampning inauguratsiya marosimidagi nutqida “Panama kanalini egallab olish” niyati haqidagi bayonoti tufayli shikoyat yubordi. Reuters xabariga ko‘ra, Panama rasmiylari maktubni tashkilot Xavfsizlik kengashining 15 a’zosi o‘rtasida tarqatishni so‘ragan.
Panamaning BMTdagi elchisi Eloy Alfaro de Alba BMT davlatlari "xalqaro munosabatlarida har qanday davlatning hududiy yaxlitligi yoki siyosiy mustaqilligiga qarshi kuch ishlatish bilan tahdid qilishdan tiyilishlarini" aytdi.
Donald Tramp 20 yanvar kuni inauguratsiya marosimida qilgan nutqida Panama kanali “AQShdan keyin ahmoqona tarzda Panamaga berilgani” va Xitoy endi dengiz yoʻlini nazorat qilayotganini aytdi.
“Biz uni Xitoyga emas, Panamaga berdik. Va biz uni qaytarib olishimiz kerak”, deb ta’kidladi Tramp.
Panama prezidenti Xose Raul Mulino bunday ssenariyni rad etdi.
Panama kanali, Tinch okeani bilan Karib dengizi va Atlantika okeanini bog‘lovchi muhim suv yo‘li hisoblanib, 1914 yilda AQSh tomonidan qurilgan. 1999 yilda Panama kanal ustidan to‘liq nazoratni qo‘lga kiritdi, biroq AQSh uning neytralligini himoya qilish huquqini saqlab qoldi.
Kanal yiliga 14 minggacha kemani o‘tkazish quvvatiga ega bo‘lib, jahon dengiz tashuvlarining 3 foizigacha xizmat qiladi va yiliga 5 milliard dollarga yaqin daromad keltiradi. Kanalning asosiy foydalanuvchilari AQSh, Xitoy va Yaponiya hisoblanadi. Gonkongning CK Hutchison Holdings kompaniyasiga qarashli bo‘linma kanalning Tinch okeani va Karib dengizi kirish qismlaridagi ikki portni boshqaradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12219 | Инструменты