Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti tomonidan yurtimiz hududida tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelayotgan Ozarbayjon Respublikasi fuqarolaridan noqonuniy ravishda pul talab qilib kelgan chet ellik shaxslardan iborat jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
1983-yilda Ozarbayjon davlatida tug‘ilgan shaxs akasi bilan birga Bektemir tumanida joylashgan bozorda sitrus mevalarning savdosi bilan shug‘ullanib kelgan.
Ushbu shaxs joriy yilning 10-yanvar kuni, IIV Tezkor qidiruv departamentiga ariza bilan murojaat qilib, tanishi bo‘lgan Rossiya Federatsiyasi fuqarosi, bilan 2024-yilning noyabr oylarida vaqtincha yashash uyida mehmondorchilik qilayotgan vaqtida ular orasida tushunmovchilik kelib chiqqanligini maʼlum qilgan.
Shundan so‘ng, jinoiy guruh vakili jabrlanuvchiga nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilganligini bahona qilib, 2024-yil 15-dekabr kuni o‘zining jinoiy sherigi, 1974-yilda Ozarbayjon davlatida tug‘ilgan, muqaddam bir necha marta sudlangan shaxsni Toshkent shahriga chaqirtirgan.
Uning yordamida jabrlanuvchiga tazyiq o‘tkazib, shaʼniga aytilgan gaplar uchun javob berishi lozimligini va tovlamachilik yo‘li bilan 5 ming AQSH dollari miqdoridagi pullarni talab qilgan. Shundan 1 ming 500 AQSH dollarini 15 dekabr kuni olib ketgan bo‘lsada, yana 3 ming 500 AQSH dollarini talab qilib kelgan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV Tezkor-qidiruv departamenti xodimlari tomonidan 2025-yilning 10-yanvar kuni, Mirobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, gumonlanuvchilar tovlamachilik yo‘li bilan talab qilib kelayotgan, 3 ming 500 AQSH dollarni olayotgan vaqtida ushlandi.
Mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qism “v”-bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 3 nafar shaxs Jinoyat protsessual kodeksning 227-moddasi tartibida ushlanib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12220 | Инструменты