Pokiston 24-dekabr kuni Afg‘onistonning Paktika viloyati Barmal tumaniga havo hujumi uyushtirdi. Vayronalar ostidan 15 kishi, jumladan, ayollar va bolalar jasadi olib chiqildi. Bu haqda Hasht-e Subh Daily xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, Barmal tumanidagi kamida yetti qishloq havo hujumiga uchragan. Laman qishlog‘ida bir oilaning besh a’zosi, jumladan ayollar va bolalar halok bo‘lgan. Qurbonlar soni ortishi mumkin va odamlar vayronalar ostidan jasadlarni olib chiqmoqda.
Mahalliy aholi portlash Pokiston samolyotlari tomonidan amalga oshirilganini aytgan . Aviatexnikalar Xost, Paktiya va Paktika osmonida patrullik qilmoqda.
“Tolibon” javob qaytarishga va’da berdi
“Tolibon” Mudofaa vazirligi Pokistonning Barmal tumanining bir qismiga uyushtirgan havo hujumlarini ochiq tajovuz sifatida qoraladi. Vazirlik hujumlar Pokiston armiyasi tomonidan amalga oshirilganini ta’kidladi.
“Tolibon” bu shafqatsiz harakatni barcha xalqaro tamoyillarga zid va ochiq tajovuz deb hisoblaydi va uni keskin qoralaydi, deydi vazirlikning rasmiy vakili Inoyatulla Xorazmiy.
U hujumda asosan “vaziristonlik qochqinlar”ni nishonga olingani, bir qancha bolalar va boshqa tinch aholi vakillari halok bo‘lgan va yaralanganini aytdi. “Tolibon” hujumni javobsiz qoldirmasliklarini qo‘shimcha qildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122523 | Инструменты