Huawei 1
Polsha maktablarida o‘q otish bo‘yicha majburiy mashg‘ulotlar joriy etiladi

Polsha hukumati maktab o‘quvchilari uchun majburiy boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik mashg‘ulotlarini, jumladan, o‘q otishni o‘rgatish va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘nikmalarini o‘qitishni joriy qildi. Mamlakat hukumatining qayd etishicha, mazkur yangilik «Ukrainadagi urush munosabati bilan davlat xavfsizligiga o‘sib borayotgan tahdidlarga» javob qaytarishga mo‘ljallangan.

Yangi fan «Xavfsizlikka o‘rgatish» nomini olgan. Boshlang‘ich maktablarning 8-sinflari va o‘rta maktabning 1-sinflari (14-16 yoshli o‘smirlar) mazkur darslarga kirishga majbur. Bu turdagi darslar Polshada 2022 yildan beri mavjud, ammo ular oldin ixtiyoriy edi. Endi Milliy mudofaa vazirligi bilan kelishilgan o‘quv dasturidan «o‘t ochishga tayyorgarlik», «o‘q otish mahoratini oshirish», «qutqaruv operatsiyalari asoslari» va «harbiy harakatlar sharoitida tahdidlarga qarshi tura olish» mashg‘ulotlari o‘rin olgan. Shuningdek, dastur qurollarni yoyib-yig‘ish, nishonlarni aniq mo‘ljalga olish bo‘yicha mashqlarni ham o‘z ichiga oladi. Mashg‘ulotlar maktablarning sport zallarida o‘tkaziladi, jangovar patronlar o‘rniga lazer nurlaridan foydalaniladi.

«Boshlang‘ich maktablarda talablar qurol bilan xavfsiz muomala qilish bo‘yicha nazariy tayyorgarlikni o‘z ichiga oladi. O‘rta maktablarda amaliy komponentlarga ega bazaviy otish tayyorgarligi mashqlari xavfsiz instrumentlardan foydalanilgan holda o‘tkaziladi», — deyiladi xabarda.

Harbiy tayyorgarlik asoslari mashg‘ulotlariga haftasiga bir soatdan ortiq vaqt ajratilmaydi. Ta’limning asosiy vazifasi — davlat xavfsizligini, favqulodda vaziyatlarda qutqaruv ishlarini ta’minlashdir.

Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan keyin Polsha harbiy xarajatlarini sezilarli darajada oshirdi. 2024 yilda mamlakat mudofaa budjeti YaIMning 4,2 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilda u 4,7 foizga yetkaziladi.

Shuningdek, dekabr oyida Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen Rossiya va Belarus bilan qo‘shni oltita Yevropa mamlakati o‘z chegaralari himoyasi uchun 170 million yevro olishini ma’lum qilgandi. Ushbu mablag‘larning 52 million yevrosi Polshaga, 50 million yevro — Finlandiyaga, 17 million yevro — Latviyaga, 15,4 million yevro — Litvaga, 19,4 million yevro — Estoniyaga hamda 16,4 million yevro — Norvegiyaga ajratiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122604 | Инструменты