Huawei 1
Mang‘istau viloyati va Olmaota shahrida favqulodda holat joriy qilindi

Qozog‘istonning qator shaharlarida 1-yanvardan gaz tariflarining oshishi sabab ketma-ket norozilik namoyishlari boshlandi. Xususan, 2 yanvardan boshlab Qozog‘istonda Mang‘istau viloyatining Janaozen shahrida avtomobil egalari gaz narxi ikki baravarga: 60 tangadan 120 tengega (1479 so‘mdan 2958 so‘mga) oshganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Namoyishchilar yo‘llarni to‘sishga kirishdilar. Keyinchalik ularga neftchilar ham qo'shildi.

Bu kabi norozilik namoyishlari Atirau, Olmaota, Nur-Sulton, Qarag‘anda, Uralsk, Taldiqo‘rg‘on, Qizilo‘rda va Chimkentda ham bo‘lib o‘tdi.

Qozog‘iston hukumati mamlakat g‘arbidagi vaziyatni tartibga solish uchun komissiya tuzdi. komissiya Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgan.  

Prezident Qosim-Jomart To‘qayev namoyishchilarga murojaat qilib, jamiyat birligini buzishdan manfaatdor bo‘lgan “buzg‘unchi shaxslar” da’vatlariga amal qilmaslikni so‘rab, ijtimoiy-iqtisodiy xarakterdagi talablarni alohida ko‘rib chiqishga va’da berdi.

Imtiyozlarga qaramay, Qozog‘istonda norozilik namoyishlari to‘xtamadi. Namoyishchilar hibsga olingani ham aytilmoqda.

Keyinroq Qozogʻiston rahbari oʻz vatandoshlariga videomurojaat qilib, unda namoyishchilarni “ehtiyotkorlik koʻrsatishga, ichkaridan va tashqaridan kelayotgan provokatsiyalarga, mitinglar eyforiyasiga va yoʻl qoʻymaslikka” chaqirdi. 

“Kuch ishlatilmaydi. Ammo bizga mojaro emas, balki o‘zaro ishonch va muloqot kerak”, — dedi u.

Shuningdek, Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Mang‘istau viloyati va Olmaota shahrida favqulodda holat joriy etish to‘g‘risidagi farmonlarni imzoladi. Bu haqda Prezident saytida xabar berildi.  

Ma'lum qilinishicha, favqulodda holat joriy yilning 5 yanvar kuni soat 01:30 dan 19 yanvar soat 00:00 gacha davom etadi. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102004 | Инструменты