AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Kiyevga ikki kunlik tashrifi davomida Ukrainaga qiymati 1 milliard dollardan oshiq yangi yordam paketini e’lon qilishi mumkin, deya xabar bermoqda Reuters agentligi Davlat departamentining yuqori martabali mulozimiga tayanib.
Agentlik ma’lumotlariga ko’ra, Blinken Kiyevga tashrifi davomida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy, tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba, boshqa yuqori martabali amaldorlar, shuningdek, fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashadi.
Reuters manbasining qayd etishicha, kotibning tashrifi Vashingtonning Kiyev bilan qarshi hujumni muhokama qilish, jang maydoni ehtiyojlari va qish oldidan Ukrainaning energiya xavfsizligini mustahkamlash bo’yicha ko’riladigan choralar bilan tanishish istagi bilan bog’liq.
“Menimcha, eng muhimi ukrainaliklarning o’zidan haqiqiy baho olish. Kelgusi haftalarda ular qanday oldinga siljish niyatida ekanliklarini ko’rishni va eshitishni istaymiz”, — dedi manba.
Ukraina matbuotining yozishicha, janob Blinken Kiyevga oldindan e’lon qilinmagan tashrif bilan bugun, 6-sentabr kuni yetib kelgan. Oxirgi marta Entoni Blinken Ukrainaga 2022-yil sentyabrida tashrif buyurgan edi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 103107 | Инструменты