Germaniya Tashqi ishlar vazirligining maʼlum qilishicha, Xitoy harbiylari Qizil dengizda Yevropa Ittifoqining Aspides nomli operatsiyasida ishtirok etayotgan Germaniya samolyotini lazer bilan nishonga olgan. Mazkur operatsiyaning maqsadi fuqarolik kemalarini Yaman husiylarining hujumlaridan himoya qilish hisoblanadi.
"Germaniya harbiylari xavfsizligiga tahdid qilish va operatsiyani izdan chiqarishni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi", deyiladi Germaniya TIV bayonotida. Shu munosabat bilan Xitoyning Berlindagi elchisi Germaniya Tashqi ishlar vazirligiga izoh so‘rash uchun chaqirilgan. Bayonotda qanday lazer ishlatilgani va jabrlanganlar bo‘lgan-bo‘lmaganiga aniqlik kiritilmagan.
Bild gazetasining huquq-tartibot organlaridagi manbalariga tayanib yozishicha, bu Xitoy tomonidan sodir etilgan shu kabi ilk holat emas. Avval ham Xitoy harbiylari G‘arb davlatlariga tegishli samolyotlarga qarshi lazerlardan foydalanish orqali uchuvchilarga halaqit qilgan va samolyotlarning elektronik tizimlariga zarar yetkazgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 71603 | Инструменты