Huawei 1
Rossiya va Ukraina “1000 ga 1000” formatida asirlarni almashdi

24 may kuni Rossiya va Ukraina mamlakatlari “1000 ga 1000” formatida asirlarni almashtirishning ikkinchi bosqichini amalga oshirdi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Rossiya va Ukrainaning har biri 307 nafar harbiy xizmatchini o‘zaro almashgan.

Rossiyaga qaytgan harbiylar Belarus hududida joylashtirilgan. Rossiya Mudofaa vazirligi ushbu almashinuv davom etishini bildirgan.

Ukraina tomoni xabariga ko‘ra, almashuv orqali mamlakatga quyidagi bo‘linmalarning harbiy xizmatchilari qaytarilgan:

  • Desant-shturm kuchlari;
  • Dron kuchlari;
  • Harbiy-dengiz kuchlari;
  • Hududiy mudofaa bo‘linmalari;
  • Davlat chegara xizmati;
  • Milliy gvardiya.

Shuningdek, ular orasida Mariupol hududidagi janglarda qatnashgan 27 nafar harbiy borligi ta’kidlangan.

“Almashuv bosqichma-bosqich amalga oshiriladi, chunki 1000 kishilik miqdorda birdaniga almashish texnik jihatdan murakkab”, deya izoh bergan Rossiya Davlat dumasi deputati Shamsail Saraliyev.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 16 may kuni Turkiyaning Istanbul shahridagi muzokaralarda Ukraina va Rossiya delegatsiyalari “1000 ga 1000” formatida mahbuslar almashinuvini amalga oshirishga kelishib olgandi. Ukraina delegatsiyasi rahbari, Mudofaa vaziri Rustam Umarovning so‘zlariga ko‘ra, to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar chog‘ida Prezidentlar Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiyning shaxsiy uchrashuvi ham muhokama qilingan. Ukraina delegatsiyasi rahbarining qo‘shimcha qilishicha, Rossiya bilan mumkin bo‘lgan yangi muzokaralar “yaqin vaqt ichida e’lon qilinadi”.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 52423 | Инструменты