Huawei 1
Rubio: Yevropa Ittifoqi sanksiyalari Ukraina bo‘yicha muzokaralar mavzusi bo‘lishi mumkin

Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalari masalasi AQShning Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha taklifi yuzasidan Moskva bilan muzokaralarda muhim rol o‘ynashi mumkin. AQSh davlat kotibi Marko Rubio 12 mart, chorshanba kuni jurnalistlar bilan suhbatda shunday fikr bildirdi. Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralari jarayoniga yevropalik sheriklarni jalb qilish imkoniyati va Vashingtonning bunga munosabati haqidagi savolga Rubio shunday javob berdi: «O‘ylaymanki, bayonotda (Amerika va Ukraina delegatsiyalarining Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan muzokaralaridan so‘ng) ular (ukrainaliklar) yevropaliklarni jalb qilish zarurligi masalasini ko‘targan deb o‘ylayman. Va men ishonamanki, rossiyaliklar bilan har qanday muzokaralarda — agar biz ularga yetib borsak, (ruslar) ularga qarshi qo‘yilgan Yevropa sanksiyalari masalasini ko‘taradi».

«Shunday ekan, menimcha, Ukrainada tinchlik bo‘lishi uchun bu jarayon yakunida yevropaliklar sanksiyalar bo‘yicha nima qilishlari va hokazo haqida qandaydir qaror qabul qilishlari kerak. Shuning uchun menimcha, ular bu borada mutlaqo (tinchlik muzokaralari jarayonida) ishtirok etishlari kerak», deb tushuntirdi AQSh Davlat departamenti rahbari.

AQSh G7 yig‘ilishida Rossiyaga qarshi ritorikadan qochishga chaqirdi

AQSh 12-14 mart kunlari Kanadaning Kvebek provinsiyasi Sharlevua shahrida bo‘lib o‘tadigan «Yettilik guruhi» (G7) davlatlari tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishida Rossiyaga nisbatan «dushmanlik» ritorikasini qo‘llashning oldini olmoqchi. Bu haqda 10 mart kuni AQSh davlat kotibi Marko Rubio ma’lum qildi. «Bizning fikrimizcha, dushmanona ritorika ba’zan muzokaralarda nizolashayotgan tomonlarni jalb qilishni qiyinlashtiradi», — deya uning so‘zlarini keltiradi AFP.

Shu bilan birga, Rubioning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi urushni tartibga solishda aniq bir tomonni qo‘llab-quvvatlash haqida gap ketmayapti. «Katta yettilik»ning boshqa tashqi ishlar vazirlari boshqacha fikrda bo‘lishi mumkin, ammo hozirda Vashington muzokaralar o‘tkazish imkoniyatini ta’minlay oladigan yagona tomon, dedi AQSh davlat kotibi.

Avvalroq Bloomberg agentligi «Katta yettilik» qo‘shma bayonoti loyihasi bo‘yicha muzokaralar chog‘ida AQSh Xitoyga nisbatan so‘zlarni qat’iylashtirish va Rossiya Federatsiyasiga nisbatan qoidalarni yumshatishni talab qilgani haqida xabar bergan edi. Xususan, Vashington «sanksiyalar» so‘zini olib tashlashni, «Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush olib borish qobiliyati» degan so‘zni «daromad olish» so‘zlari bilan almashtirishni talab qildi. Bundan tashqari, agentlik tomonidan ko‘rilgan asosiy kommyunike loyihasidan Rossiya tajovuzkorligi haqidagi har qanday eslatma olib tashlandi. Buning o‘rniga matnda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish uchun «barcha sa’y-harakatlar» olqishlanadi, deb yozadi Bloomberg.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 31317 | Инструменты