Jeddah Tower binosining qurilishi 2028 yilda yakunlanadi.
Saudiya Arabistonidagi Jeddah Tower binosi ustida ish olib borayotgan Kingdom Holding Company dunyodagi eng baland inshootni qurish ishlari 2028 yilda yakunlanishini ma’lum qildi.
«Dunyo ambitsiyasi va taraqqiyoti ramziga aylanuvchi Jeddah Tower’ni qurish ishlari rasman qayta tiklandi», — deyiladi Kingdom Holding Company xabarida.
Mazkur osmono‘par binoning qurilishi haqida ilk bor 2011 yilda xabar berilgan va qurilish ishlari 2013 yilda boshlangan edi.
Binoning yakuniy balandligi qanchani tashkil etishi hozircha ochiqlanmagan bo‘lsada, rejaga ko‘ra u 1001 metrdan kam bo‘lmaydi. Bu mazkur inshoot hozirgi kunda dunyoning eng baland binosi hisoblanuvchi Dubaydagi 828 metrli Burj Xalifadan kamida 173 metrga balandroq bo‘lishini anglatadi.
Avvaliga qurilish ishlarini 2020 yilda yakunlash rejalashtirilgan edi, ammo 2018 yilda barcha ishlar to‘xtatib qo‘yildi. Bu vaqt davomida inshootning 63 qavati ko‘tarilgan xolos. O‘tgan hafta tantanali marosimda 64-qavatni qurish ishlari boshlangan. Qurilishga mas’ul kompaniya har to‘rt kunda bitta qavatni topshirib, 2028 yilda qurilish yakunlanishini ma’lum qilgan.
Jeddah minorasi Jidda shahrining shimolida bunyod etilayotgan yangi hududning markaziy qismiga aylanadi. Binodan Four Seasions mehmonxonasi, turar-joy xonalari, ofislar va 157 qavatda joylashadigan dunyodagi eng baland tomosha maydonchasi o‘rin oladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 13113 | Инструменты