Huawei 1
Sobiq isyonchi guruhlar Suriya Mudofaa vazirligini nazorat qilmoqchi

24 dekabr, seshanba kuni Suriyaning amaldagi rahbari, «Hay’at Tahrir ash-Shom» (Hsh) radikal guruhi yetakchisi, Abu Muhammad al-Juloniy nomi bilan tanilgan Ahmad al-Shara va isyonchi guruhlarning sobiq rahbarlari ularni tarqatib yuborish va keyinchalik mamlakat Mudofaa vazirligi rahbarligida birlashtirish to‘g‘risida kelishib oldi. Bu haqda Reuters agentligi iqtibos keltirgan Suriyaning yangi hukumati bayonotida aytiladi.

O‘tgan hafta Suriya bosh vaziri Muhammad al-Bashir Mudofaa vazirligi qayta tashkil etilishini va bu jarayonga sobiq isyonchi guruhlar, shuningdek, Bashar Asad armiyasidan qochib ketgan zobitlar jalb etilishini aytdi, deya aniqlik kiritadi agentlik. Endi Ahmad al-Shara oldida ko‘plab qurollangan sobiq isyonchilar guruhlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlarning oldini olish vazifasi turibdi, deya ta’kidlaydi Reuters.

GFR diplomatlari Suriyadagi isyonchilar bilan aloqa o‘rnatdi

Dpa agentligining 18 dekabr kuni xabar berishicha, 17 dekabr kuni Damashqdagi nemis diplomatlari ilk bor «Hay’at Tahrir ash-Shom» (Hsh) guruhi rahbari Ahmad al-Shara bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa o‘rnatdi.

«Muhokamalarda asosiy e’tibor siyosiy o‘tish jarayoni hamda Suriyada tinch taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ozchiliklar va ayollar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha bizning umidlarimiz bo‘ldi», — deyiladi Germaniya tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Avvalroq ARD telekanalining Tagesschau axborot dasturi o‘z saytida Suriyadagi isyonchilar bilan muzokara olib borayotgan Germaniya delegatsiyasiga Germaniya tashqi ishlar vazirligining Yaqin Sharq bo‘yicha komissari Tobias Tunkel boshchilik qilishi haqida xabar bergan edi.

YeI va BMT Suriyada Bashar Asad rejimi ag‘darilganidan so‘ng u yerda hokimiyatni egallab olgan isyonchilar vakillari bilan aloqa o‘rnatishga kirishgan. Tagesschau ta’kidlaganidek, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas shu maqsadda tajribali nemis diplomati Mixael Onmaxtni Damashqqa yubordi.

BMT bosh kotibining Suriya bo‘yicha maxsus vakili Geyr Pedersen ham al-Shara bilan muzokaralar olib borgan, deyiladi xabarda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122602 | Инструменты