SpaceX Xalqaro kosmik stansiyani orbitadan olib chiquvchi qurilma yaratadi

AQSH Milliy aeronavtika va kosmik ma’muriyati (NASA) Ilon Maskning SpaceX kompaniyasini Xalqaro kosmik stansiyaning (XKS) ishlash muddati tugagach, uni orbitadan chiqarib tashlovchi qurilma yaratish uchun tanladi.

NASA va SpaceX o‘rtasida tuzilgan shartnoma summasi 843 million dollarni tashkil qiladi. Kaliforniyada joylashgan kompaniya faqat ushbu kosmik kemaning ishlab chiqarilishi uchun javobgar bo‘ladi. Ishlab chiqarish yakunlangach qurilma missiya davomida AQSH kosmik agentligining mulkiga aylanadi.

Qurilma NASA va uning xalqaro hamkorlariga 2030-yilda XKSning orbitadan “xavfsiz va mas’uliyatli” olib chiqilishini ta’minlash, odamlar yashaydigan hududlarga qulash xavfini bartaraf etish imkonini beradi. Taxminlarga ko‘ra, qurilma xuddi stansiya kabi Yer atmosferasida qulab tushadi. Stansiya vayronalari Tinch okeaniga tushishi rejalashtirilgan.

XKS 1998-yildan beri Yer orbitasida joylashgan. Stansiya AQSH, Yevropa, Yaponiya, Kanada va Rossiyaning kosmik agentliklari tomonidan boshqariladi. Rossiyadan tashqari barcha davlatlar undan 2030-yilgacha, Rossiya - 2028-yilgacha foydalanishga va’da bergan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70104 | Инструменты