Suriya g‘arbidagi Xoms viloyatida hokimiyatdan ag‘darilgan Bashar Asad rejimining qurolini tashlamagan harbiylariga qarshi keng ko‘lamli operatsiya boshlandi. Bu haqda Suriyaning SANA axborot agentligi xavfsizlik kuchlaridagi manbasiga tayanib xabar berdi.
Operatsiya Ichki ishlar vazirligi tomonidan Harbiy operatsiyalar qo‘mondonligi bilan birgalikda viloyat ma’muriy markazi - Xoms shahrining bir qancha mavzelari va unga yaqin hududlarda o‘tkazilyapti.
Xavfsizlik kuchlari Vodi-Zahab va Akrima hududlari aholisini ko‘chaga chiqmaslikka va uylarida qolishga chaqirdi.
Suriyada 61 yil hukmronlik qilgan «Baas» partiyasi rejimi qulaganidan so‘ng, 8 dekabr kuni Harbiy operatsiyalar qo‘mondonligi umumiy amnistiya e’lon qildi. Mamlakatning ko‘plab viloyatlarida yarashtirish markazlari ochilgan. To‘ntarilgan rejim tarafdorlaridan ma’lum muddat ichida qurollarini topshirish so‘ralgan.
Avvalroq Harbiy operatsiyalar qo‘mondonligi Tartus va Loziqiya provinsiyalarida ham xuddi shunday amaliyotlar o‘tkazgan edi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10516 | Инструменты