Huawei 1
Suriyaning yangi prezidenti 5 yillik o‘tish davri uchun konstitutsiyaviy deklaratsiyani imzoladi

Suriyaning o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Shar’a besh yil davomida amalda bo‘ladigan vaqtinchalik konstitutsiyaviy deklaratsiyani imzoladi, deb xabar beradi Al-Jazeera.

Al-Shar’a hujjatni imzolarkan, bu «Suriya yangi tarixi»ning boshlanishi bo‘lishiga umid bildirdi.

Deklaratsiyada Suriyaning eski Konstitutsiyasi ba’zi bandlari, jumladan, mamlakat prezidenti musulmon bo‘lishi kerakligi, islom huquqi esa respublikada qonunchilikning asosiy manbai bo‘lib qolishi saqlanib qolgan.

Shuningdek, hujjat hokimiyatlar bo‘linishi va sud mustaqilligini mustahkamlaydi, ayollar huquqlari, so‘z va ommaviy axborot vositalari erkinligini kafolatlaydi. Bundan tashqari, deklaratsiyada Bashar Asad tuzumi davrida sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlikka tortish masalasiga ham e’tibor qaratilgan.

Yangi Xalq kengashi qonunchilik uchun to‘liq javobgar bo‘ladi. Konstitutsiyaviy deklaratsiya Suriya xalq kengashiga (parlamentga) prezidentni lavozimidan chetlatish yoki uning vakolatlarini cheklash huquqini beradi. Ammo amalda buni qilish qiyin bo‘ladi, chunki uning tarkibining uchdan bir qismi prezidentning o‘zi tomonidan, qolgan uchdan ikki qismi esa prezident tomonidan saylangan qo‘mita tomonidan tayinlanadi.

2024 yil dekabr boshlarida Suriya prezidenti Bashar Asadga qarshi bo‘lgan muxolifat kuchlari Damashqqa kirib, hokimiyatni egalladi. Asad oilasi bilan Moskvaga qochib ketdi. Asadga qarshi muxolifat kuchlariga «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhi boshchilik qildi. O‘tish davrida Suriyaning prezidenti etib guruh yetakchisi Ahmad ash-Shar’a tayinlandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 42600 | Инструменты