Huawei 1
Tadqiqot: Global isish uyquda nafas olishning to‘xtab qolishini oshirmoqda

Global isish tufayli odamlarda uxlayotgan payt nafas to‘xtab qolishi — ya’ni uyqu apnoesi holatlari tobora ko‘paymoqda. Bu inson salomatligiga jiddiy tahdid soladi. Avstraliyaning Flinders universiteti uyqu bo‘yicha mutaxassisi Bastien Leshat yangi tadqiqotini e’lon qildi.

Olim 41 ta mamlakatdagi 116 mingdan ortiq insonning to‘shak ostiga o‘rnatilgan sensorlar orqali yig‘ilgan uyqu ma’lumotlarini tahlil qilgan. Natijalarga ko‘ra, tunda havo harorati +27 daraja atrofida bo‘lgan kechalarda obstruktiv uyqu apnoesi holatlari salqin kechalarga nisbatan 45 foizga ko‘proq kuzatilgan.

Bu holat allaqachon jiddiy salbiy oqibatlarga olib kelmoqda. Birgina 2023-yilda anomal issiqlik bilan bog‘liq uyqudagi nafas to‘xtashi (apnoe) holatlari 29 mamlakatda 785 ming yilga teng sog‘lom umr yo‘qotilishiga sabab bo‘lgan. Ish unumdorligining pasayishi esa dunyo bo‘ylab iqtisodiyotga 30 milliard dollar zarar yetkazgan.

Mutaxassislar ogohlantirishicha, agar global harorat sanoat davridan oldingi darajadan yana 1,8 darajaga oshsa, salomatlikka tushayotgan yuk yaqin o‘n yilliklarda ikki baravar, 2100-yilga borib esa uch baravar oshishi mumkin.

Tadqiqot, shuningdek, mintaqalar o‘rtasidagi farqlarni ham ko‘rsatgan. Masalan, konditsioner kamroq tarqalgan Yevropada issiqlikning uyqu apnoesiga ta’siri AQSH yoki Avstraliyaga qaraganda kuchliroq bo‘lgan. Leshat bu holat sovitish tizimlaridan foydalanish imkoniyati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.

Issiq tunlar hatto uyqu buzilishi bo‘lmagan odamlarda ham uyqu sifatini pasaytirayotgani kuzatilgan. One Earth jurnalida chop etilgan Fitbit global ma’lumotlariga ko‘ra, issiqlik to‘lqinlari odamlarda kechroq uxlash, erta uyg‘onish va to‘liq dam olmaslik holatlariga sabab bo‘lmoqda.

Uyqu apnoesining og‘irlik darajasi Apnoe-gipopnoe indeksi (AHI) bilan o‘lchanadi. AHI 30 dan oshsa, bu holat “og‘ir” hisoblanadi. Shunday holatlarning 45 foizga ortishi esa jiddiy xavfga sabab bo‘ladi.

Olimlar global isishga qarshi choralar ko‘rish zarurligini ta’kidlaydi. Jumladan, ventilyator, konditsioner, salqin choyshab uyquni saqlab qolish uchun oddiy, ammo muhim choralar sifatida tavsiya qilinmoqda. Biroq bunday sovitish texnologiyalariga ega bo‘lmagan millionlab odamlar uchun bu masala yaqin yillarda kuchayib boruvchi muammoga aylanishi mumkin.

Yaqinda o‘tkazilgan boshqa bir tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, tungi haroratning atigi 1 darajaga ko‘tarilishi Xitoyda odamlarning uyqu vaqtini kuniga o‘rtacha 10 daqiqaga qisqartirishi mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 62422 | Инструменты