Huawei 1
Tbilisidagi namoyishlar: 107 nafar ishtirokchi hibsga olindi, 10 nafar politsiyachi yaralandi

Gruziya Ichki ishlar vazirligi xabar berishicha, 29-30-noyabr kunlari Tbilisi markazida 107 nafar namoyishchi hibsga olingan, 10 nafar politsiyachi yaralangan.

Qayd etilishicha, kecha davomida namoyishchilar politsiyaga jismoniy qarshilik ko‘rsatib, ularga turli buyumlar, toshlar, shisha butilkalar, temir buyumlar va pirotexnika vositalarini uloqtirgan.

“Namoyish ishtirokchilarining zo‘ravonlik, noqonuniy xatti-harakatlarini jamoatchilik yaqqol ko‘rdi va shu sababli ichki ishlar vazirligi xodimlari qonun hujjatlarida belgilangan maxsus vositalardan foydalanib, jamoat tartibini tiklashdi”, deyiladi IIV xabarida.

Gruziya poytaxtida mamlakatning Yevropa ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni kechiktirish haqidagi qaroridan norozi bo‘lganlar tomonidan namoyishlar davom etmoqda.

Avvalroq Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze Tbilisi 2028-yilgacha Yevropa ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha Bryussel bilan muzokaralarni boshlamasligini va bu muddat uchun Yevropa ittifoqining har qanday byudjet grantlaridan voz kechishini ma’lum qilgandi.

Avvalroq Gruziya muxolifati muddatsiz kecha-yu kunduz norozilik aksiyasini e’lon qilgandi.

19-noyabr kuni Gruziya muxolifati va hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi muxoliflari yangi saylovlar o‘tkazish talabi bilan Tbilisining asosiy magistrallaridan birini to‘sib qo‘ydi.

Tbilisi davlat universiteti binosi yonidagi yo‘lda namoyishchilar o‘ttizga yaqin chodir qurib, ularda tunab qolishdi. Ishtirokchilar qayta saylanishga erishgunlaricha norozilik chodirlarini avval poytaxtda, keyin esa butun mamlakat bo‘ylab turli joylarga ko‘chirishni rejalashtirgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 120301 | Инструменты