Ilon Mask rahbarligidagi Tesla kompaniyasi aksiyalari 10-mart, dushanba kuni 15% dan ortiq tushib, AQShda 2024-yil noyabr oyida Donald Tramp prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganidan keyingi barcha o‘sish ko‘rsatkichlarini yo‘qqa chiqardi, deb xabar beradi dpa agentligi.
Tesla aksiyalari eng yuqori darajaga dekabr o‘rtalarida erishgan bo‘lib, o‘shanda kompaniyaning aksiyalari narxi 480 dollarni tashkil etgan, bu Trampning saylovoldi kampaniyasi paytidagi qiymatdan ikki baravar yuqori edi. Hozir esa, aksiyalar narxi taxminan 222 dollarga tushib, Tesla kompaniyasining umumiy qiymatini 1,5 trillion dollardan 715 milliard dollargacha pasayishiga sabab bo‘ldi. Taqqoslash uchun, Ford kompaniyasining bozor qiymati taxminan 40 milliard dollarni, General Motorsniki esa 48 milliard dollarni tashkil etadi, deb ta’kidlaydi dpa.
Maskning shaxsiy boyligi Tesla aksiyalariga bog‘liq
Agentlikning qayd etishicha, Tesla aksiyalarining keskin pasayishi Ilon Maskning o‘zi uchun ham muammolar tug‘dirishi mumkin. Chunki milliarder o‘z kompaniyasi aksiyalarini garovga qo‘yib kredit olish bilan mashhur bo‘lib, bu uning qog‘ozda dunyodagi eng boy odam sifatida ko‘rilishiga sabab bo‘lgan. Biroq, agar aksiyalar kursi ma’lum bir darajadan pastga tushsa, kreditorlar qo‘shimcha garov talab qilishi mumkin. Bloomberg hisob-kitoblariga ko‘ra, hozirda Maskning shaxsiy boyligi hanuz 300 milliard dollardan oshiq bo‘lib turibdi.
Mask-Tramp aloqalari va tartibga soluvchi xavflar
Ko‘plab ekspertlar Maskning Tramp bilan yaqin aloqalari Tesla uchun muayyan imtiyozlar keltirishini taxmin qilishgan edi. Haqiqatan ham, respublikachining Oq uyga qaytishidan so‘ng Mask Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari etib tayinlandi. Ushbu departament davlat xarajatlari va davlat xizmatchilari sonini qisqartirish bilan shug‘ullanadi. Biroq, milliarder avtomobil ishlab chiqarish sohasi bo‘yicha vakolatga ega emas.
Shu bilan birga, Tesla jiddiy tartibga soluvchi muammolarga duch kelmoqda. Jumladan, AQSh Milliy yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi (NHTSA) kompaniyaning Autopilot haydovchiga yordam berish tizimini bir qator avariyalar sababli sinchkovlik bilan tekshirmoqda. Aynan ushbu boshqarma Mask katta umid bog‘lagan robotaksi loyihasini tasdiqlash jarayonida muhim rol o‘ynaydi.
Bundan tashqari, Maskning so‘nggi siyosiy bayonotlari ham Tesla kompaniyasi obro‘siga yaxshi ta’sir ko‘rsatmayapti. Masalan, u yaqinda Germaniyada bo‘lib o‘tgan muddatidan oldin o‘tkazilgan Bundestag saylovlari chog‘ida o‘ta o‘ng qarashlarga ega “Germaniya uchun muqobil” (AfD) partiyasini faol ravishda targ‘ib qilgan. Natijada, bu Tesla brendi mashinalariga bo‘lgan talabning Germaniyada keskin tushib ketishiga sabab bo‘ldi. 2024-yilda mamlakatda Tesla avtomobillari savdosi 41% ga qisqarib, 37 574 dona ni tashkil etdi. Bunga, shuningdek, Germaniya hukumati tomonidan elektromobil xaridorlariga ajratilgan subsidiya bekor qilingani ham ta’sir qildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31205 | Инструменты