Qisqartirishlar boshlanishi haqida birinchi bo‘lib Status nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berdi. 7 yanvar kuni WP vakillari iqtisodiy sabablarga ko‘ra xodimlarning 4 foizi — kamida 100 kishi ishdan bo‘shatilishini rasman e’lon qilgan.
«The Washington Post soha ehtiyojlarini qondirish, yanada barqaror kelajakni qurish va auditoriyaga erishish uchun doimiy ravishda o‘zgarib turadi», — deyiladi xabarda.
2023 yilda WP 77 million dollar zarar ko‘rgani va gazeta saytining auditoriyasi qisqarganini ma’lum qilgan edi. O‘shanda nashr ayrim xodimlarga kompensatsiya evaziga ishdan bo‘shash taklifini bildirgan. Shu orqali gazeta xodimlarning 10 foizini qisqartirmoqchi bo‘lgan.
Yanvar boshida rassom Enn Telnes The Washington Post uning karikaturasini chop etishdan bosh tortgani sabab ishdan bo‘shagan edi. Suratda Bezos va boshqa milliarderlar AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp haykaliga ta’zim qilib turgan holatda tasvirlangan.
Telnesning ta’kidlashicha, karerasi davomida uning karikaturasi muharrir tomonidan undagi tasvir sabab birinchi marta qaytarilgan. «Bu o‘yin qoidalarini o‘zgartiradi va so‘z erkinligi uchun xavfli», — deb yozgan u.
2001 yilda Pulitsar mukofotini qo‘lga kiritgan Telnes 2008 yildan beri The Washington Post’da ishlab kelayotgan edi.
2024 yilgi prezidentlik saylovlari avvalida an’anaviy ravishda AQSh Demokratlar partiyasi tarafida chiqish qilib keladigan The Washington Post yarim asrdan beri birinchi marta davlat rahbarligi lavozimiga nomzodlarning hech birini qo‘llab-quvvatlamasligini va Trampning raqibi Kamala Harris to‘g‘risidagi tayyor maqolani chop etmasligini ma’lum qilgandi. Ushbu qarorga izoh berar ekan Bezos nomzodlarni qo‘llab-quvvatlash «noxolislik hissini» yuzaga keltirishini, siyosiy pozitsiyani oshkor etmaslik esa The Washington Post obro‘sini oshirishini aytgan. Ammo buning o‘rniga gazeta yuz minglab obunachilaridan ayrildi. Saylovlardan keyin Bezos Trampni g‘alabasi bilan tabriklab, uning ikkinchi prezidentlik muddatiga optimizm bilan qarashini ta’kidladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10922 | Инструменты