Tinchlik bo‘yicha 2023-yilgi Nobel mukofoti eronlik huquq himoyachisi Narges Muhammadiyga berildi. Bu haqda Nobel qo‘mitasi saytida xabar berilgan.
U Eronda ayollarga nisbatan zulmga qarshi kurashi, inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash yo‘lidagi harakatlari uchun mukofotga loyiq topildi.
Huquq himoyachisi hozir Eronda qamoqda saqlanmoqda.
"Ayol - hayot - erkinlik"
Bu yilgi Tinchlik mukofoti, shuningdek, oʻtgan yil davomida Eron teokratik rejimining ayollarga nisbatan kamsitish va zulm siyosatiga qarshi namoyishga chiqqan yuz minglab odamlarga ham beriladi.
Eronda 1979-yilgi inqilobdan keyingi eng yirik ommaviy norozilik namoyishlari o‘tgan yilning kuzida kuzatilgan. Ular 22 yoshli Mahsa Amini vafotidan keyin boshlangan.
HRANA inson huquqlari axborot agentligining ma'lum qilishicha, kamida 475 namoyishchi o'ldirilgan, 18 240 nafari hibsga olingan.
Namoyishchilarning “Ayol – hayot – erkinlik” shiori Narges Muhammadiyning fidoyiligi va mehnatini mukammal ifodalaydi, deb taʼkidladi Nobel qoʻmitasi.
Ma'lumot uchun, 2022-yilda Tinchlik uchun Nobel mukofoti belaruslik huquq himoyachisi Ales Bialatskiyga, Rossiyaning “Memorial” inson huquqlari tashkiloti va Ukrainaning “Fuqarolik erkinliklari markazi” inson huquqlari tashkilotiga berildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51205 | Инструменты