Tog‘li Qorabog‘da janglar yana boshlandi

Tog‘li Qorabog‘ uchun Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi navbatdagi urushdan ikki yil o‘tib, mojaro hududida yana jangovar harakatlar boshlandi.

Joriy yil 3-avgust kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi “Qasos” deb nomlangan maxsus harbiy operatsiya davomida Qorabog‘dagi bir qancha tepaliklar qo‘lga kiritilganini ma’lum qildi.

Ozarbayjon harbiy boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, 3-avgust kuni ertalab Lochin viloyatida “noqonuniy arman qurolli guruhlari aʼzolari” tomonidan oʻqqa tutilishi natijasida bir ozarbayjon askari halok boʻlgan. Bunga javoban Ozarbayjon kuchlari “Qasos olish” operatsiyasini boshlab yubordi, uning doirasida “Girxg‘iz, Saribaba va Kichik Kavkaz tog‘ tizmasining Qorabog‘ tizmasi bo‘ylab boshqa bir qator muhim dominant tepaliklar nazorat ostiga olindi”, deyiladi xabarda.

Boku va Yerevan bir-birini sulhini buzganlikda ayblamoqda

Boku Yerevanni Tog‘li Qorabog‘ mojarosi hududida uch tomonlama o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi bandlarini buzganlikda aybladi.

“Ozarbayjon hududida sodir boʻlgan voqea uchun butun javobgarlik qoʻshni davlat hududidan noqonuniy arman qurolli tuzilmalarini olib chiqib ketishni hali taʼminlamagan Armaniston harbiy-siyosiy rahbariyatiga yuklanadi”, — deyiladi Ozarbayjon TIV xabarida.

Mamlakat hududni to'liq demilitarizatsiya qilishni talab qildi.

Armaniston Tashqi ishlar vazirligi esa uch tomonlama kelishuvni buzganlikda Ozarbayjonni aybladi.

Vazirlik bayonotida aytilishicha, “Armaniston tomonining mintaqada barqarorlik va tinchlikka erishish yoʻlidagi qadamlariga qaramay, Ozarbayjon avvaldan rejalashtirilgan Togʻli Qorabogʻ aholisini qoʻrqitish, etnik tozalash va “oʻrmalab borayotgan ishgʻol” siyosatini davom ettirmoqda".

Qorabog'da qisman safarbarlik e'lon qilindi

"Tan olinmagan" Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi rahbari Arayik Arutyunyan 3-avgust kuni qisman harbiy safarbarlik to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

"Tan olinmagan respublika" Mudofaa vazirligi Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan amalga oshirilgan dron zarbalari natijasida ikki nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgani va yana 14 nafari jarohatlanganini ma’lum qildi.

Rossiya Mudofaa vazirligi, oʻz navbatida, Ozarbayjon qurolli kuchlari oʻt ochishni toʻxtatish rejimini buzganini va “Rossiya tinchlikparvar kontingenti qoʻmondonligi Ozarbayjon va Armaniston tomonlari vakillari bilan birgalikda vaziyatni barqarorlashtirish choralarini koʻrayotganini” maʼlum qildi.

Yevropa Ittifoqi vaziyatni yumshatishga chaqirmoqda

Yevropa Ittifoqi rasmiylari Tog‘li Qorabog‘dagi mojaro tomonlarini zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatib, muzokaralarni davom ettirishga chaqirdi.

“Vaziyatni hal qilish yoʻllarini topish uchun keskinlikni pasaytirish, oʻt ochishni toʻxtatish rejimiga toʻliq rioya qilish va muzokaralar stoliga qaytish zarur”, - deyiladi Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha vakili Piter Stano bayonotida.

Shuningdek, taʼkidlanishicha, Yevropa Ittifoqi “qarama-qarshiliklarni bartaraf etishga yordam berishga va Janubiy Kavkazda barqaror tinchlik va barqarorlikka erishishdagi ishtirokini davom ettirishga tayyor”.

Tog'li Qorabog' uchun urush qachondan boshlangan edi?

Qorabog‘dagi mojaro 1988-yilning fevralida, Tog‘li Qorabog‘ avtonom viloyati Ozarbayjon SSR tarkibidan chiqib ketishini e’lon qilgan paytda boshlandi. 1991-yil sentabr oyida Stepanakert markazida Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi (TQR) tashkil etilishi e’lon qilindi. Harbiy mojaro paytida Ozarbayjon Hukumati Tog‘li Qorabog‘ ustidan nazoratni yo‘qotdi. 1992-yildan beri mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha YeXHTning Minsk guruhi doirasida muzokaralar olib borilmoqda. 1994-yil may oyida tomonlar o‘q otishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Hozirgacha Rossiya, Fransiya va AQSH raisligi va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan birgalikda samarasiz tinchlik muzokaralari olib borilyapti.

Shuningdek, Ozarbayjon prezidenti YeXHT Minsk guruhining hamraislari Armanistonga Tog‘li Qorabog‘ Armanistonniki emasligini tushuntirishlari kerakligini alohida ta'kidlab kelmoqda. "Hech bir mamlakat Tog‘li Qorabog‘ni tan olmadi", - deb eslatgan lhom Aliyev. 

Izohlar: 1
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 42719 | Инструменты