Afg‘onistondagi “Tolibon” harakati vakillari ayollarning ko‘ngilochar bog‘larga borishini taqiqlash haqida buyruq berdi. Bu haqda mahalliy manbalarga tayanib, BBC xabar qildi.
Qayd etilishicha, Kobuldagi attraksionlar parki endi faqat bolalar va erkaklar uchun ochiq. Ayollar eas o‘z bolalari bilan sayr qilish va chiroyli lahzalarni o‘tkazishdan mahrum bo‘ldi. Avvalroq ayollarga poytaxtdagi basseyn va sport zallariga kirish taqiqlangan edi. Qoidalar butun mamlakat bo‘ylab kengaytirilishi kutilmoqda.
Park rasmiylarining aytishicha, ularga Tolibon rasmiylari ayollarni ichkariga kiritmaslikni buyurgan.
Shuningdek, Tolibon bu kabi cheklovlarni joriy etgandan keyin afg‘onistonlik ayollar yana nimalardan qo‘rqishini aytdi.
“Afg‘onistonlik qizlar sifatida biz har kuni yangi cheklovlardan uyg‘onamiz. Biz shunchaki o‘tirib, keyingisini kutayotganga o‘xshaymiz”, — deydi talaba qizlardan biri.
Boshqa bir talaba qiz esa Tolibon kelguniga qadar o‘rta maktabni tugatish baxtiga muyassar bo‘lganini aytdi.
"Hozir universitetlar ayollar uchun ham yopilishidan qo’rqaman. Orzularim tugaydi. Men yaqinda universitetga kirish imtihonini topshirdim va men o‘rganmoqchi bo‘lgan fan – jurnalistika endi ayollar uchun mavjud emasligini ko‘rib, hafsalasam pir bo‘ldi”, — deydi boshqa talaba qiz.
Bu ham yaqinda Tolibon joriy etgan yana bir cheklovlar qatoriga kiradi.
“Bu qanchalik qiyinligini tasvirlab bera olmayman. Ba’zida baland ovozda qichqirmoqchi bo‘lasiz, men o‘zimni umidsiz his qilaman”, — deydi talaba.
Eslatib o'tamiz, 2021-yil sentabr oyi boshida butun Afg‘oniston hududi ustidan nazorat o‘rnatgan “Tolibon” harakati tarafdorlari ayollar va qizlarga turli, ularning fikricha, vaqtinchalik cheklovlarni joriy qila boshladilar va buni Afg‘onistonda “tegishli islomiy muhit” yaratish zarurati bilan izohladilar. Jumladan, 20 yilga yaqin mavjud bo‘lgan Xotin-qizlar ishlari vazirligini tugatib, uning o‘rniga Islomiy da’vat, hidoyat, amr va ma’rifat vazirligini tashkil etib, mamlakatning aksariyat viloyatlarida qizlarning maktablarga kirishini cheklab qo‘ydilar. Shuningdek, teleboshlovchi ayollarni hijob kiyishga majburlashdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51223 | Инструменты