Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatda kuchayib borayotgan energiya tanqisligi sabab birinchi atom elektr stansiyasini qurishni tezlashtirish va yadro klasterini yaratishni ustuvor vazifa sifatida belgiladi.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatda birinchi atom elektr stansiyasini (AES) qurish jarayonini tezlashtirish zarurligini ma’lum qildi. U buni mamlakatda kuchayib borayotgan energiya tanqisligi bilan izohladi. Shuningdek, prezident atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli rejalar ishlab chiqish va mamlakatda «yadro klasteri»ni yaratish bo‘yicha topshiriq berdi.
«Energiya tanqisligining kuchayishi fonida birinchi atom elektr stansiyasini qurishni tezlashtirish kerak. Umuman olganda, mamlakatda yadro klasterini yaratishga kirishishimiz zarur. Bu mamlakatimiz taraqqiyoti uchun muhim vazifadir», — dedi Qosim-Jo‘mart To‘qayev hukumatning kengaytirilgan yig‘ilishida.
Prezident shuningdek, hukumat va parlamentdan ikkinchi atom elektr stansiyasini qurish joyi bo‘yicha takliflar kutilayotganini ma’lum qildi.
«Yana bir bor ta’kidlayman: bizga yadro energiyasi zarur, aks holda Qozog‘istonning izchil rivojlanishi savol ostida qoladi», deydi u.
Referendum natijalari va loyiha tafsilotlari
2024-yil noyabr oyida Qozog‘istonda birinchi atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha referendum o‘tkazilgan edi. Unda ishtirokchilarning 71,12 foizi AES qurilishini qo‘llab-quvvatlagan. AESni 2035-yilgacha mamlakat janubi-sharqida, Ulken qishlog‘i hududida qurish rejalashtirilgan. Ushbu hudud energiya tanqisligi bo‘yicha respublikadagi eng muammoli mintaqalardan biri hisoblanadi. Loyiha qiymati 10–12 milliard AQSh dollariga baholanmoqda.
Xalqaro ishtirokchilar va hamkorlik masalalari
Qosim-Jo‘mart To‘qayev AES qurilishi uchun «xalqaro kompaniyalar konsortsiumi»ni jalb qilishni optimal variant deb atadi. Ushbu loyiha uchun Rossiyaning «Rosatom» davlat korporatsiyasi, Xitoyning CNNC, Janubiy Koreyaning KHNP va Fransiyaning EDF kompaniyalari da’vogarlik qilmoqda.
AES qurilishi Qozog‘iston uchun nafaqat energiya tanqisligini hal qilish, balki iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashning muhim omili sifatida qaralmoqda. Prezident To‘qayevning fikriga ko‘ra, ushbu loyiha mamlakatning kelajakdagi barqaror rivojlanishi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Maqola muallifi: D. Jummayeva
Alpha version: 0.9.1.19 build 102805 | Инструменты