Maʼlum qilinishicha, Gordi Xou nomidagi ko‘prik Kanadaning Vindzor shahri bilan AQSHning Detroit shahrini bog‘lashi rejalashtirilgan. Uning ochilishi shu yilga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, AQSH prezidenti Donald Tramp loyihaning taqdirini shubha ostiga qo‘ydi va bunga Kanadaning AQSHga nisbatan munosabatining yomonlashganini hamda Xitoy bilan hamkorlik qilayotganini sabab qilib ko‘rsatdi.
"Qo‘shma Shtatlar ularga taqdim etgan barcha narsalar uchun to‘liq kompensatsiya olmagunicha va eng muhimi, Kanada Qo‘shma Shtatlarga adolat va hurmat bilan munosabatda bo‘lmagunicha, men bu ko‘prikning ochilishiga ruxsat bermayman. Shuningdek, AQSH loyihaning kamida yarmiga egalik qilishi lozim", — degan Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
Loyihaga muvofiq, ko‘prik qurilishini Kanada moliyalashtiradi va keyingi 36 yil davomida unga xizmat ko‘rsatish uchun javobgar hisoblanadi. Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddatida mazkur ko‘prik loyihasini qo‘llab-quvvatlab, Kanadaning o‘sha paytdagi bosh vaziri Jastin Tryudo bilan qo‘shma bayonotida qurilishning "tezroq yakunlanishini intiqlik bilan kutayotganini" bildirgan edi.
Politico nashrining qayd etishicha, AQSH prezidentining g‘azabiga Kanada bosh vaziri Mark Karnining Davosdagi iqtisodiy forumda so‘zlagan nutqi ham sabab bo‘lgan. Unda Karni buyuk davlatlarni "dunyo tartibini buzishda" ayblab, o‘rta darajadagi davlatlarni, shu jumladan Kanadani yangi tartibni shakllantirishga chaqirgan edi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21018 | Инструменты