Donald Tramp AQShda sun’iy intellekt infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan “Yulduzlar darvozasi” loyihasi ishga tushirilishini e’lon qildi. Oq uyning yangi rahbari shtatlarda "texnologik kelajak"ni saqlab qolishga va'da berdi.
AQSh prezidenti Donald Tramp 21-yanvar, seshanba kuni AQShda sun’iy intellekt (SI) infratuzilmasini rivojlantirishga 500 milliard dollargacha (479,6 milliard yevro) sarmoya kiritishga qaratilgan “Yulduzlar darvozasi” loyihasi ishga tushirilishini e’lon qildi.
Loyihani yirik sun'iy intellekt ishlab chiqaruvchisi OpenAI, Yaponiyaning SoftBank konserni va Amerikaning dasturiy va texnik vositalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Oracle kompaniyasi amalga oshiradi. Hamkorlar orasida Microsoft, MGX, Arm va NVIDIA ham bor.
"Yulduzlar darvozasi" rahbarlari qurshovida soʻzga chiqqan Donald Tramp loyiha “deyarli zudlik bilan” 100 000 ish oʻrni yaratishga va Qoʻshma Shtatlardagi “texnologik kelajak”ni saqlab qolishga vaʼda berdi.
“Ushbu monumental tashabbus Amerikaning yangi prezident davridagi salohiyatiga ishonchning yorqin deklaratsiyasidir”, dedi Tramp.
Ma'lum qilinishicha, loyiha Texasning Abilin shahrida ma'lumotlar markazi qurilishi bilan boshlanadi.
Avvalroq Oq uyning yangi rahbari o‘zidan oldingi Jo Baydenning sun’iy intellektni tartibga solish haqidagi farmonini bekor qilgandi. Bekor qilingan qoidalar OpenAI va Google kabi yirik kompaniyalardan oʻz ishlanmalari xavfsizligi haqidagi maʼlumotlarni va boshqa muhim maʼlumotlarni federal organlarga oʻtkazishni talab qildi. Yirik texnologik korporatsiyalar tashabbusni qo‘llab-quvvatladi, biroq kichikroq sun’iy intellekt kompaniyalari bunga qarshi chiqdi.
Eslatib o'tamiz, avvalroq Donald Tramp AQShning boshqa davlatlarga yordamini 90 kunga to‘xtatgani haqida xabar bergan edik. Yordam ko‘rsatilishi yangi ma’muriyatning siyosiy maqsadlariga mos keladimi yoki yo‘qligini aniqlash uchun audit o‘tkazilishi ma'lum qilingan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12214 | Инструменты