AQSH 1 fevraldan boshlab Kanada va Meksikadan kelgan tovarlarga 25 foiz, Xitoydan esa 10 foizlik bojlar joriy qiladi. Bu haqda kecha, 31 yanvar kuni Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt ma’lum qildi.
“Prezident Donald Tramp buni qilishga va’da bergan va u va’dasini bajarmoqda”, deydi u.
Avvalroq “Reuters” axborot agentligi Tramp tariflarni joriy etishni 1 martgacha kechiktirishi mumkinligi haqida xabar bergandi. Biroq Livitt bunday xabarlarni “haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi” deb aytdi.
Amerika fond indekslari AQSH Prezidentining qaroriga pasayish bilan javob berdi. 31 yanvar kuni S&P 500 indeksi 0,5 foizga, Nasdaq composite 0,3 foizga, Dow Jones Industrial Average indeksi 0,8 foizga pasaydi.
Tramp avvalroq qo‘shni davlatlarga nisbatan savdo tariflarini joriy etish zarurligini, Meksika bu davlatdan AQSHga kelayotgan noqonuniy muhojirlar oqimini to‘xtatishi, Kanada esa giyohvand moddalar, xususan, fentanil savdosini to‘xtatishi kerakligini aytgan edi.
Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo uning mamlakati Vashington tariflariga qarshi “kuchli, ammo oqilona” javob choralarini ko‘rishini aytdi. Shu bilan birga, u vatandoshlarini “qiyin vaqtlarga” tayyorlanishga chaqirdi.
“Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, Kanada allaqachon Trampning rejalari amalga oshirilsa, javob tariflari qo‘yiladigan 105 milliard dollarlik AQSH tovarlari ro‘yxatini tayyorlab qo‘ygan.
Kanada Tashqi ishlar vaziri Melani Joli esa AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bilan muzokaradan so‘ng Ottavadan muqarrar javob choralari haqida ogohlantirgan.
O‘z navbatida, Meksika Qo‘shma Shtatlarga qarshi javob choralarini tayyorlamoqda. “The Guardian”ning yozishicha, bu “buzg‘unchi savdo urushi”ga olib kelishi mumkin.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20122 | Инструменты