Huawei 1
Rossiyada ingliz tilidan IELTS imtihonini topshirganlarni qamash boshlanadi

Rossiyada ingliz tili bo‘yicha IELTS imtihonlarini topshirish jinoiy ta’qibga sabab bo‘lishi mumkin. Mamlakat Bosh prokuraturasi ushbu testlarni tashkillashtirish bilan shug‘ullanadigan British Council kengashini «nomaqbul» deb topdi.

Nazorat organining ma’lum qilishicha, ushbu tuzilma «ta’lim va madaniy faoliyat niqobi ostida» — ma’rifiy tadbirlar va ingliz tilini o‘qitish orqali «britaniyaliklarning uzoq muddatli manfaatlari va qadriyatlarini ilgari surmoqda», jumladan, LGBT targ‘ibotini ham olib bormoqda.

O‘z navbatida Federal xavfsizlik xizmati (FXX) British Council va 2021 yildayoq «nomaqbul» deb topilgan Oxford Russia Fund fondini «buzg‘unchilik ishlari»da aybladi va rossiyaliklarni ushbu xorijiy tashkilotlar «faoliyatida ishtirok etmaslikdan» ogohlantirdi. «Bunday hamkorlik Rossiya Federatsiyasi ma’muriy va jinoiy javobgarligiga tortilishi mumkin», — deyiladi FXX bayonotida.

Endilikda, IELTS imtihonini topshirish, hatto chet elda ham «nomaqbul» deb e’tirof etilgan tashkilotni moliyalashtirish sifatida talqin qilinishi mumkin. Bu uchun eng katta jazo — 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish. British Council havolalari va materiallarini jamoatga e’lon qilish esa «nomaqbul» tashkilot faoliyatida ishtirok etish deb baholanib, fuqarolar uchun 15 ming rublgacha, yuridik shaxslar uchun esa 100 ming rublgacha jarimaga olib kelishi mumkin.

«Kovcheg» loyihasi yuristi Anastasiya Burakova o‘qituvchi va talabalarga British Council haqidagi barcha eslatmalarni sahifalaridan o‘chirishni, IELTS imtihoni uchun to‘lovni o‘z kartasi yoki Rossiyaga kelib-ketadigan insonlar kartasi orqali amalga oshirmaslikni, shuningdek, chegara kesib o‘tilayotgan vaqtda testga yozilish va IELTS sertifikati haqidagi ma’lumotlarni qurilmalardan o‘chirishni tavsiya qildi.

British Council 2018 yilda Britaniyada «GRU»ning sobiq xodimi Sergey Skripal zaharlanishi bilan bog‘liq josuslik mojarosi ortidan Rossiyani tark etgan edi. IELTS imtihonini Rossiyada topshirish esa Ukraina urushi boshlanganidan so‘ng — 2022 yil 10 martdan boshlab imkonsiz bo‘lib qolgan. Biroq rossiyaliklar IELTS’ni Qozog‘iston, BAA, Gruziya, Ozarboyjon, O‘zbekiston, Armaniston, Serbiya va Turkiyada topshirish imkoniyatiga ega. IELTS sertifikati xorijda o‘qish va ishlash uchun zarur hisoblanadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60721 | Инструменты