Huawei 1
Tramp maʼmuriyati ilk bor Kiyevga qurol sotishni maʼqulladi

AQSH moliya vaziri Skott Bessent va Ukraina iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko 30 aprel kuni foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuv imzoladi. Shartnoma Qo‘shma Shtatlarga Ukrainada 57 turdagi tabiiy resurslarni, jumladan, nodir metallar, neft va tabiiy gazni o‘zlashtirish bo‘yicha yangi loyihalarga imtiyozli kirish imkonini beradi.

Kelishuvga ko‘ra, tomonlar teng sharoitlarda eng muhim foydali qazilmalarni qazib olishga sarmoya kiritadigan jamg‘arma tuzadi.

Tiklanish jamg‘armasi, Sviridenkoning taʼkidlashicha, «50/50 asosida tuziladi», Ukraina va AQSH tomonidan birgalikda boshqariladi. Ukraina qo‘shma jamg‘armaga yangi litsenziyalarni sotishdan tushgan daromadning 50 foizini investitsiya qiladi, biroq u yerga qo‘shimcha mablag‘larni ham o‘tkazish huquqiga ega.

AQSHning jamg‘armaga qo‘shgan hissasi, to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyaviy hissalardan tashqari, Ukrainaga yangi qurol-yarog‘ yetkazib berish, jumladan, havo hujumidan mudofaa tizimlari hisoblanadi. «Agar [AQSH hukumati] Ukraina hukumatiga har qanday shaklda (jumladan, qurol-yarog‘ tizimlari, o‘q-dorilar, texnologiyalar yoki o‘qitish) yangi harbiy yordam taqdim etsa, AQSHning kapital qo‘yilmasi bunday harbiy yordamning taxminiy qiymatiga oshirilgan deb hisoblanadi», – deya kelishuv matnidan iqtibos keltirgan «Yevropeyskaya pravda».

Dastlabki 10 yil davomida jamg‘armaning foydasi va daromadlari taqsimlanmaydi, aksincha, Ukrainaga – yangi loyihalar yoki rekonstruksiyaga qayta investitsiya qilinadi.

AQSH moliya vazirligi press-relizida shartnoma «Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin AQSH xalqi Ukrainani himoya qilish uchun ko‘rsatgan katta moliyaviy va moddiy yordamni tan olish uchun» tuzilgani aytiladi. «Prezident [Donald Tramp] aytganidek, AQSH bu shafqatsiz va maʼnosiz urushni tugatishga yordam bermoqchi. Bu kelishuv Rossiyaga Tramp maʼmuriyati uzoq vaqt davomida erkin, suveren va gullab-yashnayotgan Ukrainadagi tinchlik jarayoniga sodiq ekani haqida aniq signal beradi», – dedi AQSH moliya vaziri Skott Bessent.

Bloomberg nashri yozishicha, Kiyev kelishuvni imzolarkan, Rossiya bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda AQSH prezidenti Donald Trampning qo‘lloviga erishmoqchi. «Ushbu kelishuv Trampning Kiyevga xayrixohligini mustahkamlash uchun juda muhim deb baholanmoqda, chunki uning maʼmuriyati Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishidan keyin boshlangan urushga chek qo‘ymoqchi», – deya qayd etadi agentlik.

AQSH va Ukraina ikki mamlakat prezidentlarining Oq uydagi tortishuvidan ikki oy o‘tib kelishuvni imzoladi – 28 fevral kuni Donald Tramp va Volodimir Zelenskiy yerosti boyliklari bo‘yicha kelishuv imzolanishi arafasida bahslashib ketgandi. Shundan keyin AQSH Kiyevga kelishuvning qatʼiylashtirilgan variantini yubordi, ammo muzokaralar jarayonida qator yon berishlar bo‘ld. Tramp va Zelenskiy 26 aprel kuni Vatikanda Rim papasi Fransiskning dafn marosimida uchrashganidan keyin tomonlar kelishuvni imzolash bo‘yicha uzil-kesil kelishib oldi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51319 | Инструменты