Huawei 1
Tramp Maskni hukumat loyihalaridan chetlashtirish shartini aytdi

AQSh Davlat boshqaruvi samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari va biznesmen Ilon Mask manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan taqdirda davlat dasturlarida ishtirok etmaydi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp ma’lum qildi. Shu bilan birga, u Maskni “Qo‘shma Shtatlarning mutlaq vatanparvari” deb atadi.

Donald Tramp Floridadagi rezidensiyasida matbuot anjumani o‘tkazdi. Jurnalistlardan biri DOGE xodimlari va Ilon Mask asos solgan SpaceX kompaniyasi hozirda AQSh Federal fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi hamda milliardlab dollarlik shartnomalarni boshqaruvchi Pentagon bo‘linmalarida ishlayotganiga e’tibor qaratdi. U prezidentdan bu holat manfaatlar to‘qnashuvi hisoblanmaydimi, deb so‘radi. Donald Tramp esa bu haqda birinchi marta eshitayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Ilon Maskni manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymasligi haqida ogohlantirgan.

“Men Ilonga aytdim: agar manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelsa, sen bu ish bilan shug‘ullana olmaysan. Shunday ekan, bu har qanday sohani, ehtimol hatto kosmik sohani ham qamrab olishi mumkin – biz Ilonga bu jarayonda ishtirok etishga ruxsat bermaymiz”, – dedi AQSh prezidenti.

Yanvar oyida Donald Tramp DOGE tashkilotiga asos solib, uning rahbari etib Ilon Maskni tayinlagan edi. O‘tgan hafta esa AQShning 14 ta shtatidan bo‘lgan demokrat prokurorlar Tramp va Mask ustidan sudga shikoyat qilgan. Da’vogarlar prezident DOGE tashkilotini konstitutsiyani buzgan holda yaratganini ta’kidlamoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22106 | Инструменты