AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp barcha Meksika va Kanada tovarlariga 25 foizlik, Xitoynikiga esa 10 foizlik boj joriy etishini aytdi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Siyosatchi bunday qaror noqonuniy migrantlar oqimi va giyohvand moddalar kontrabandasi bilan bog‘liqligini ta’kidladi.
20-yanvardan boshlab Meksika va Kanadaning barcha tovarlarga 25 foizlik tarif joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzolayman. Ushbu tarif giyohvand moddalar, ayniqsa, fentanil va noqonuniy migrantlar mamlakatimizga bostirib kirishni to‘xtatmaguncha o‘z kuchida qoladi, dedi Tramp.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda giyohvand moddalar mamlakatga misli ko‘rilmagan miqyosda kirib kelmoqda, Meksika va Kanada esa “bu muammoni osongina hal qilish” huquqiga ega.
Tramp, shuningdek, AQShga asosan Meksika orqali fentanil olib kelinadigan Xitoy uchun 10 foizlik boj joriy etishni rejalashtirayotganini aytdi. U Xitoy rasmiylari har qanday giyohvand moddalar savdogarlari uchun o‘lim jazosini va’da qilgani, ammo va’dalarini bajarmaganini eslatdi.
Xitoy AQShga fentanil yetkazib berishda yordam bergani haqidagi ayblovlarini rad etmoqda. Xitoyning Vashingtondagi diplomatik vakolatxonasi vakili Lyu Penyuy bu da’volar faktlar va haqiqatga mutlaqo zid ekanini aytgan.
Shuningdek, Tramp AQShdagi noqonuniy muhojirlarga qarshi keskin choralar ko‘rish rejalarini bir necha bor e’lon qilgan. U qonunni buzayotgan muhojirlardan har bir shahar va qishloqni “qutqarish”ga va’da berib, ularni AQSHdan “iloji boricha tezroq chiqarishini” aytgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112614 | Инструменты