Huawei 1
“Botanika bog‘lari” muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ro‘yxatiga kiritilyapti

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan aholining madaniy hordiq va dam olish maskanlari muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. 

Ta’kidlash joizki, Prezident Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi majlisidagi nutqida saylov kampaniyasi davrida partiyalar ilgari surgan va xalqimiz qo‘llab-quvvatlagan har bir taklif, albatta, ko‘rib chiqilishi va amalga oshirilishini qayd etgan edi. Jumladan, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining istirohat bog‘lari, sayilgoh, xiyobonlarni xususiylashtirishni taqiqlash bo‘yicha pozitsiyasi ko‘pchilikning ko‘nglidagi gap bo‘lgani aytilgandi.

Shundan kelib chiqib, “Adolat” SDP va Ekologik partiyaning Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari a’zolari tomonidan ushbu qonun loyihasi ishlab chiqildi va Qonunchilik palatasiga kiritildi.

Deputatlar tashabbusi bilan ishlab chiqilgan qonun loyihasida madaniy hordiq maskanlarini, ularning yerlarini hamda ushbu yerlardagi bino-inshootni begonalashtirishni, madaniy hordiq maskanlari hududini qisqartirish, ularda bino-inshoot qurish (yengil turdagi obyektlar bundan mustasno) yoki mavjud bino-inshootni qurilish osti maydonini kengaytirishni ta’qiqlash nazarda tutilmoqda. Bu turdagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Bundan tashqari, qonun loyihasi bilan “botanika bog‘lari” muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ro‘yxatiga kiritilyapti. “Botanika bog‘lari” va ularning yerlarini ham begonalashtirish, ularning hududida bino-inshootlar qurish yoki qurilish osti maydonlarini kengaytirish ta’qiqlanmoqda.

Munozaralar davomida deputatlar qonun loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyati, ayni chog‘da zaruratiga alohida e’tibor qaratib, loyihada nazarda tutilayotgan ayrim normalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari, takliflarini bildirdi. Qonun loyihasi yuzasidan ko‘tarilgan ayrim savollar yuzasidan tashabbuskor deputatlar tomonidan batafsil javoblar qaytarildi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112613 | Инструменты